Hurmatli soha faxriylari, aziz shifokorlar, hamshiralar va farmatsevtika xodimlari!
Avvalo, barchangizni Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Inson hayoti va salomatligini asrash, xastaliklarga qarshi kurashish, odamlarga umid va ishonch bag‘ishlashdek sharafli vazifani zimmasiga olgan tibbiyot xodimlarining mehnati hamisha yuksak qadrga munosib.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli viloyatimiz tibbiyotida ham sezilarli o‘zgarishlar yuz bermoqda. So‘nggi besh yilda sohaga 658 milliard so‘m yo‘naltirilib, 166 ta tibbiyot muassasasi qurildi va rekonstruksiya qilindi.
Bugungi kunda asosiy e’tibor aholiga yaqin joyda sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, kasalliklarning oldini olish va ularni erta aniqlashga qaratilmoqda. Joriy yilda 2 million 257 ming nafar aholi skrining tekshiruvlaridan o‘tkazildi, emlash qamrovi esa 99,8 foizga yetdi.
Ixtisoslashgan tibbiy yordam imkoniyatlari ham kengaymoqda. Viloyatimizda 25 turdagi yuqori texnologik operatsiyalar yo‘lga qo‘yilib, joriy yilda 18 mingta jarrohlik amaliyoti bajarildi.
Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari ham aholi manfaatlariga xizmat qilmoqda. Ushbu tizim doirasida 411 ming nafar aholiga 2,8 trillion so‘mlik kafolatlangan tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Farmatsevtika sanoatida ham o‘sish kuzatilmoqda. Viloyatdagi 56 ta korxonada 196 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, o‘sish sur’ati 150,8 foizni tashkil etdi.
Albatta, bu natijalar bilan bir qatorda oldimizda turgan vazifalar ham ko‘p. Birlamchi tibbiy yordamni yanada kuchaytirish, kasalliklarning oldini olish, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga joriy etish hamda malakali kadrlarni qo‘llab-quvvatlash bundan buyon ham asosiy e’tiborimizda bo‘ladi.
Bu vazifalarni amalga oshirishda har bir shifokor, hamshira, farmatsevt va tibbiyot tizimining barcha xodimlari muhim o‘rin tutadi. Shu fursatdan foydalanib, soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan barcha hamkasblarimizga, ko‘p yillik tajribasi bilan yoshlarga o‘rnak bo‘layotgan faxriylarimizga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy xotirjamlik, sharafli va mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Xalqimiz salomatligi yo‘lidagi ezgu ishlaringizda doimo kuch-g‘ayrat va shijoat hamroh bo‘lsin!
Kasb bayramingiz muborak bo‘lsin!
Ramzbek O‘TABOYeV,
Farg‘ona viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i v.v.b.
———-