Qon bosimi yillar davomida yuqori bo‘lsa-yu, bir nechta dori vositasi ham uni nazoratga olishga yordam bermasa, muammoning sababini boshqa a’zolardan ham izlashga to‘g‘ri keladi. Ba’zan bunday holatga buyrakka qon olib boruvchi arteriyaning torayishi sabab bo‘ladi.
Farg‘ona viloyati kardiologiya markazi mutaxassislari ana shunday muammoga duch kelgan 49 yoshli ayolda muvaffaqiyatli stentlash amaliyotini bajardi.
Bemor ko‘p yillar davomida qon bosimining 190/130 mm simob ustunigacha ko‘tarilishidan aziyat chekkan. Hatto besh xil qon bosimini tushiruvchi dori vositasini qabul qilganiga qaramay, uning ahvolida kutilgan o‘zgarish kuzatilmagan.
Tekshiruvlar davomida dastlab o‘ng buyrak arteriyasining torayishi aniqlandi. Komp’yuter tomografiyasi esa tomir qariyb 85 foizga torayganini ko‘rsatdi. Tashxis — o‘ng buyrak arteriyasi aterosklerozi.
Buyrak arteriyasi toraysa, qon bosimi nega ko‘tariladi?
Buyrak faqat organizmdagi qonni fil’trlash vazifasini bajarmaydi. U arterial qon bosimini boshqarishda ham muhim o‘rin tutadi.
Ateroskleroz jarayonida tomir devorida yog‘ va xolesteringa boy blyashkalar to‘planadi. Bu esa tomir yo‘lini toraytirib, buyrakka keladigan qon oqimini kamaytiradi.
Bunday vaziyatda buyrak qon ta’minoti yetarli emasligini sezib, qon bosimini oshiruvchi gormonal mexanizmlarni ishga tushiradi. Natijada qon tomirlar torayishi, organizmda tuz va suyuqlik ushlanib qolishi mumkin. Bu esa arterial bosimning yanada ko‘tarilishiga olib keladi.
Tibbiyotda bunday holat renovaskulyar gipertoniya deb ataladi.
Stentlashdan keyingi natija qanday?
Aniqlangan torayishni bartaraf etish uchun bemorga buyrak arteriyasini stentlash tavsiya etildi. Amaliyot muvaffaqiyatli bajarilib, tomirning ochiqligi va qon oqimi tiklandi.
Eng e’tiborli jihati, muolajadan bir sutka o‘tib, bemorning qon bosimi 120/80 mm simob ustuniga tushdi. Markaz ma’lumotiga ko‘ra, hozirda u qon bosimini tushiruvchi dorilarsiz ham 110/70–120/80 ko‘rsatkichlari doirasida saqlanmoqda.
Bu holat buyrak arteriyasidagi muammoni aniqlash va tegishli muolajani tanlash bemorning ahvolini o‘zgartirishi mumkinligini ko‘rsatadi.
—Albatta, buyrak arteriyasi torayishi aniqlangan har bir bemorga stentlash tavsiya etilmaydi. Davolash usuli tomirdagi o‘zgarishlar, buyrak faoliyati va qon bosimining nazoratga olinish darajasiga qarab belgilanadi, deydi shifokor Fattoxjon Mirzaev. — Shu bois qon bosimi bir necha dori vositasiga qaramay yuqoriligicha qolayotgan hollarda uning sababini chuqur tekshirish muhim.