Kuz-qish mavsumi kirib kelishi bilan o‘tkir respirator virusli infeksiyalar (O‘RVI) bilan kasallanish holatlari keskin oshadi. Harorat ko‘tarilishi, tomoq og‘rig‘i, yo‘tal, umumiy holsizlik kabi belgilar aholining barcha qatlamlarida uchramoqda. Mazkur kasalliklarning oldini olish va immunitetni mustahkamlash borasida Farg‘ona shahar 9-oilaviy poliklinika oilaviy shifokori Nilufar O‘rinova o‘z fikr va tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.
— Nilufar Toirovna, mavsumiy O‘RVI nima sababli aynan shu davrda ko‘payadi?
— Asosiy sabab — havo haroratining keskin o‘zgarishi, odamlarning ko‘proq yopiq joylarda bo‘lishi va immunitetning susayishidir. Bu davrda organizm viruslarga nisbatan zaifroq bo‘ladi.
— Kasallikka chalinish xavfini kamaytirish uchun nimalarga e’tibor berish kerak?
— Birinchi navbatda, turmush tarziga ahamiyat berish lozim. Jismoniy harakat yetarli bo‘lmasa, immun tizim ham to‘liq ishlamaydi. Har kuni kamida 30–40 daqiqa piyoda yurish, yengil mashqlar, toza havoda harakat qilish juda muhim.
— Ovqatlanish masalasi ham muhimmi?
— Albatta. Vitaminlarga boy, muvozanatli ovqatlanish immunitetni mustahkamlaydi. Ratsionda meva-sabzavotlar, ayniqsa S vitaminiga boy limon, apelsin, olma, sabzi, karam, ko‘katlar bo‘lishi shart. Shuningdek, oqsilga boy mahsulotlar — go‘sht, tuxum, sut mahsulotlari ham organizm uchun zarur. To‘g‘ri, ba’zida yetarli ovqatlanishga biroz mablag‘imizni ayaymiz. Masalan, kuniga kamida 200–300 gram meva yeyish zarur. Sabzavotlarni kanda qilmaslik kerak. Shuning uchun aholiga shuni aytamanki, hech bo‘lmasa qish mavsumida ovqatlanishga pulni ayamaslik kerak.
— Yoshlar va ish joyida faol bo‘lganlar uchun qanday tavsiya bergan bo‘lardingiz?
— Uyquni me’yorga solish, stressdan saqlanish, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish juda muhim. Qo‘lni tez-tez yuvish, niqobdan foydalanish, kasal odamlar bilan yaqin aloqani cheklash kasallik tarqalishining oldini oladi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, O‘RVIni yengil qabul qilish va o‘zboshimchalik bilan davolanish asoratlarga olib kelishi mumkin. Shu bois, kasallik belgilari paydo bo‘lganda o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilish muhim.
Suhbatdosh I.Abdujabborov.