Kam uchraydigan kasalliklarda erta tashxis va muntazam nazorat nega muhim?

Bolalarda asab tizimi kasalliklarini erta aniqlash, to‘g‘ri tashxis qo‘yish va davolashni samarali tashkil etish malakali mutaxassislar hamda zamonaviy diagnostika usullarini talab qiladi. Ayniqsa, Dyushen mushak distrofiyasi va subo‘tkir sklerozlanuvchi panensefalit kabi kam uchraydigan kasalliklarda bemorlarni muntazam kuzatish va uzluksiz tibbiy yordam bilan ta’minlash muhim.

Mamlakatimizda bu yo‘nalishdagi tibbiy va ijtimoiy yordamni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentning 2025 yil 3 noyabrdagi PQ-331-son qarori bilan 2026–2030 yillarda kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalarga yordam ko‘rsatish dasturi tasdiqlangan.

Dasturga ko‘ra, davlat byudjeti hisobidan bepul davolanadigan kasalliklar turini 5 tadan 10 taga yetkazish, bemor bolalarni dori vositalari, maxsus oziq-ovqat va tibbiy jihozlar bilan ta’minlash darajasini 95 foizdan 99 foizga oshirish belgilangan. Dyushen mushak distrofiyasi va sklerozlanuvchi panensefalit ham dasturda qamrab olingan kasalliklar qatoriga kiradi.

Bu vazifalarni amalga oshirishda mutaxassislarning bilimi va amaliy ko‘nikmalari muhim o‘rin tutadi. Shu maqsadda Toshkent shahridagi Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining 9 nafar mutaxassisi Farg‘ona viloyatida qariyb bir oy davomida nevrolog shifokorlar uchun malaka oshirish mashg‘ulotlarini o‘tkazdi.

«Epilepsiya va paroksizmal holatlar» hamda «Nerv-mushak kasalliklarining zamonaviy kompleks diagnostikasi. Miopatiyalar» mavzularidagi mashg‘ulotlar davomida viloyat shifokorlari murakkab nevrologik kasalliklarni tashxislash va bemorlarni olib borish bo‘yicha bilimlarini oshirdilar.

Mashg‘ulotlarda Farg‘ona viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ramzbek O‘taboyev ham ishtirok etdi. U orfan kasalliklar, jumladan, Dyushen mushak distrofiyasi va subo‘tkir sklerozlanuvchi panensefalit tashxisi qo‘yilgan, dispanser nazoratidagi bolalar bilan ishlashda mas’uliyatni oshirish zarurligini ta’kidladi. Bemorlarning holatini muntazam kuzatish, zarur tibbiy yordamni o‘z vaqtida ko‘rsatish va dispanser nazoratini samarali tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

—Kam uchraydigan kasalliklarda natija faqat tashxis qo‘yish bilan belgilanmaydi,— deydi bolalar nevrologi, tibbiyot fanlari doktori, professor Shoanvar Shomansurov. —Bemorni uzoq muddat kuzatish, davolash rejasini o‘z vaqtida qayta ko‘rib chiqish va oilasiga zarur tavsiyalar berish ham muhim. Shu bois mutaxassislar malakasini oshirish va tibbiy yordamni davlat dasturlarida belgilangan vazifalar bilan uyg‘unlashtirish bolalar salomatligini muhofaza qilishda alohida ahamiyatga ega.

———-