Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida yangilanishlar davom etmoqda

Farg‘ona viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida davolash sharoitlarini yaxshilash, zamonaviy tibbiy uskunalar bilan ta’minlash va mutaxassislar salohiyatini oshirishga qaratilgan ishlar amalga oshirilmoqda.

365 o‘ringa mo‘ljallangan muassasada 750 nafardan ziyod xodim faoliyat yuritadi. Markaz bosh shifokori Odiljon Umarovning ma’lum qilishicha, so‘nggi yillarda pulmonologiya, otorinolaringologiya, nevrologiya, kardiologiya, reabilitatsiya, klinik laboratoriya bo‘limlari hamda konsultativ poliklinika ta’mirlandi.

Shuningdek, muassasa uchun 17 turdagi zamonaviy tibbiy apparatura va zarur asbob-uskunalar xarid qilindi.

Markazda tibbiyot ta’limi va amaliyot uyg‘unligini ta’minlashga ham e’tibor qaratilgan. Farg‘ona jamoat salomatligi institutining klinik kafedralari uchun 11 ta o‘quv xonasi va konferensiya zali ajratilgan. Bu yerda talabalarning amaliy mashg‘ulotlar o‘tashi, professor-o‘qituvchilarning davolash jarayonlarida ishtirok etishi uchun sharoit yaratilgan.

02
03
01
04

Bundan tashqari, markaz shifokorlari tomonidan xirurgiya, travmatologiya va klinik laboratoriya yo‘nalishlari bo‘yicha uchta o‘quv dasturi ishlab chiqilgan.

Muassasa faoliyatida kadrlar masalasiga ham alohida o‘rin berilmoqda. Xususan, xorijda tahsil olgan, ilmiy darajaga ega yosh mutaxassislarni ishga jalb etishga e’tibor qaratilmoqda. Bu esa tibbiy amaliyot bilan birga ilmiy va ta’lim yo‘nalishlarini ham rivojlantirishga xizmat qiladi.

Muqimjon QODIROV.