Inson umrida shunday kasblar borki, ularda har bir daqiqa, har bir qaror va har bir harakat kimningdir taqdiriga daxldor. Ayniqsa, bolalar reanimatsiyasida ishlash shifokordan nafaqat bilim va tajriba, balki yuksak mas’uliyatni ham talab etadi.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali bolalar anesteziologiya-reanimatsiya bo‘limi shifokori Shuxrat Saydaxmedov uchun bu kasb qariyb qirq yildan buyon hayot mazmuniga aylangan.
U 1966 yil 18 noyabrda Farg‘ona tumanida tug‘ilgan. 1982 yilda Andijon davlat tibbiyot institutiga o‘qishga kirib, 1989 yilda tahsilni yakunladi. Keyingi yillarda Farg‘ona viloyati bolalar shifoxonasida internatura o‘tab, mehnat faoliyatini anesteziolog-reanimatolog sifatida boshladi.
Uning kasbiy yo‘li turli shifoxona va tibbiyot muassasalari bilan bog‘liq. Farg‘ona tumani markaziy shifoxonasi, Mindon shifoxonasi, Chimyon shifoxonasidagi faoliyati davomida davolovchi shifokor, reanimatsiya bo‘limi mudiri, bosh shifokor kabi vazifalarda ishladi. Bu yillar unga nafaqat amaliy tajriba, balki tibbiyotni tashkil etish borasida ham bilim va ko‘nikmalar berdi.
2000 yildan buyon esa Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialida bolalar anesteziolog-reanimatologi sifatida mehnat qilib kelmoqda. Bolalarning og‘ir ahvoldagi daqiqalarida ularning hayoti va salomatligi uchun mas’uliyatni zimmasiga olib kelayotgan shifokorning bu yerdagi faoliyatiga ham 26 yil bo‘ldi.
Shu yillar davomida viloyatimiz bolalariga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish, ular salomatligini tiklash yo‘lidagi mehnati hamkasblari tomonidan qadrlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 35 yilligi nishonlangan sanada Shuxrat Saydaxmedov ham 60 yoshni qarshiladi. Tug‘ilgan kuni munosabati bilan muassasa ma’muriyati, kasaba uyushmasi tashkiloti va jamoasi unga samimiy ehtirom bildirib, uzoq umr, mustahkam sog‘liq va oilaviy xotirjamlik tiladi.