Farg‘ona shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi kapital ta’mirdan so‘ng zamonaviy qiyofa kasb etdi. Muassasada bemorlar va tibbiyot xodimlari uchun qulay sharoitlar yaratilib, xonalar yangi tibbiy uskunalar bilan jihozlandi.
Jumladan, laboratoriyaga o‘rnatilgan immunoximik analizator gormonlar bo‘yicha qon tahlillarini o‘tkazish imkonini bermoqda. Xotin-qizlar maslahatxonasida ham zamonaviy diagnostika vositalari yordamida tekshiruvlar olib borilmoqda.
Yil boshidan buyon mazkur bo‘limga 2 ming 997 nafar ayol murojaat qilgan. Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan Dr.Camscope raqamli videokolposkopi yordamida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 107 nafar ayolda ginekologik, jumladan, onkologik kasalliklar erta aniqlangan.
Poliklinikada 10 o‘rinli kunduzgi statsionar, nikohlanuvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, fizioterapiya xonalari va boshqa bo‘limlar faoliyat yuritmoqda. Tibbiyot xodimlarining malakasini oshirishga ham e’tibor qaratilgan.
— Loyihalarimiz «Ochiq byudjet» dasturi doirasida to‘rt marta g‘olib bo‘ldi, — deydi poliklinika bosh shifokori Abduvahob Arabboyev. — Ajratilgan mablag‘lar hisobidan bolalar bo‘limi tashkil etildi, tibbiy uskunalar xarid qilindi va kapital ta’mirlash ishlari bajarildi. Shuningdek, xotin-qizlar maslahatxonasi uchun homilador ayollarni perinatal skriningdan o‘tkazishga mo‘ljallangan ultratovush apparati xarid qilindi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida poliklinikada tekshiruv va davolash imkoniyatlari kengayib, aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat turlari ko‘paydi.
Muqimjon QODIROV.