Yangi 2026 yil Farg‘ona viloyati uchun quvonchli va xayrli yangiliklar bilan boshlandi. 1 yanvar kuni soat 00:10 da Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona filialida yangi yilning ilk chaqalog‘i — salkam 4 kilogramm vazndagi sog‘lom o‘g‘il bola dunyoga keldi.
Oradan yarim soat o‘tib, soat 00:40 da Oltiariq tumanidagi tug‘ruq kompleksida yana bir quvonchli voqea qayd etildi: 3460 gramm og‘irlikdagi sog‘lom qizaloq tug‘ildi.
Umuman olganda, 1 yanvar kuni Farg‘ona viloyatida 216 nafar go‘dak tavallud topdi. Ulardan 121 nafari qiz bola, 95 nafari esa o‘g‘il bola. Shu kuni egizaklar tug‘ilishi ham kuzatilib, 1 ta holat qayd etildi.
Bayram kuni 332 nafar tibbiyot xodimi o‘z kasbiga sodiq qolib, fidoyilik bilan navbatchilikda xizmat qildi. Ularning mashaqqatli mehnati va mas’uliyati alohida e’tirofga loyiq.
Yangi yilda dunyoga kelgan har bir go‘dakka sog‘liq, baxt va porloq kelajak tilaymiz.