«O‘zbek tili — eng go‘zal, eng shirin til»

Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutida tahsil olayotgan hindistonlik talabalar o‘zbek tilini nafaqat o‘rganish, balki uning orqali xalqimiz madaniyati, adabiyoti va urf-odatlarini ham yaqindan bilishga intilmoqda. Ular orasida o‘zbekcha bemalol suhbatlasha oladigan, milliy qo‘shiqlarimizni kuylaydigan yoshlar ham bor.

Bugun mazkur oliygohda 1619 nafar hindistonlik talaba tahsil olmoqda. Ular birinchi kursdan boshlab o‘zbek tilini o‘rganadilar. Tilni chuqurroq o‘zlashtirishni istaganlar esa qo‘shimcha mashg‘ulotlarda ham qatnashadilar.

— O‘zbek va xorijiy tillar kafedrasida chet ellik talabalarimizga alohida o‘zbek tili fani o‘tiladi. Bu fan birinchi kursdan boshlanadi. Talabalarni mahalliy sharoitda muloqotga kirishishga, bemorlar bilan ishlash jarayonida zarur bo‘ladigan muloqot ko‘nikmalariga o‘rgatamiz. Keyingi bosqichlarda esa kasbiy faoliyatiga tegishli terminlar mashg‘ulotlarda o‘rgatiladi, — deydi pedagogika fanlari doktori, professor Iroda Iminoxunova.

Raj Paxmuri ham ana shunday talabalardan. U uch yildan buyon institutda tahsil oladi. O‘zbekistonga ilk bor kelib, mahalliy aholi bilan muloqot qilganida o‘zbek tilini o‘rganishga qaror qilgan. Ammo bu jarayon u o‘ylagandek oson kechmagan.

Raj Paxmuri

— Boshida qiyin bo‘lgan. O‘zbekcha so‘zlar uzun. Masalan, «charchamayapman» degan so‘zning o‘zi qiziq ham, murakkab ham, — deydi u kulib. — Hozir o‘rganib, ko‘nikib ketdim. Bu yerda kursdoshlarim doim yordam berishga tayyor. «Muammo bo‘lsa, qo‘ng‘iroq qiling», deb qo‘llab-quvvatlashadi. Shuning uchun keyinchalik qiyinchilik sezmadim.

Raj bugun o‘zbek tilida turli mavzularda suhbatlasha oladi. U xalqimizning muomala madaniyati va samimiy munosabatini ham qadrlaydi. Qolaversa, o‘zbeklar bilan suhbatlashganda ularni Hindiston madaniyati ham qiziqtirishini yaxshi biladi.

— O‘zbeklarga Bollivud, Raj Kapur, Shohrux Xon va hind qo‘shiqlari qiziq. Bobur avlodlari va Tojmahal haqida ham so‘rashadi. Men ularga bilganlarimni aytib beraman. Ayrim so‘zlar hind va o‘zbek tillarida bir-biriga yaqin. Masalan, «gul» so‘zi hind tilida ham bor. O‘zbek tilini yaxshi ko‘raman. Bu til eng go‘zal, eng shirin til. So‘zlasam, qalbimdan so‘zlayman, — deydi talaba.

Rajning o‘zbek tiliga qiziqishi suhbat bilan cheklanmaydi. U o‘zbek shoir va yozuvchilari haqida ma’lumot olish, milliy qo‘shiqlarni o‘rganish, turli tanlovlarda ishtirok etishga ham ishtiyoqmand. Hatto hind filmlarini o‘zbek tiliga tarjima qilishga harakat qiladi.

Nadimini Nimagari ham o‘zbek tili va madaniyatiga mehr qo‘ygan talabalardan. Uning qalbidan, ayniqsa, Farg‘ona qo‘shiqlari joy olgan. «Omon yor» qo‘shig‘ini juda yaxshi ko‘radi. Milliy taomlarimiz ham unga manzur.

Nadimini Nimagari

— O‘zbek xalqi juda xushmuomala. Bu yerda odamlar doim chiroyli gapirishadi. Institutimizdagi barcha hind talabalari ham o‘zbek tilini bilmaydi. Shuning uchun ko‘cha-ko‘yda ularga tarjimonlik qilishimga to‘g‘ri keladi. Qo‘limdan kelganicha yordam beraman, — deydi Nadimini.

U o‘zbek tilini o‘rganish bilan birga xalqimizning madaniyati va qadriyatlarini ham chuqurroq bilishga harakat qiladi. Yaqinda ta’lim vazirligi tomonidan tashkil etilgan xalqaro tanlovda ishtirok etib, o‘zbek tilida ma’ruza qilgan, o‘zbek xalqi madaniyati haqida so‘zlab bergan.

Institutda o‘zbek tilini yaxshi o‘zlashtirgan xorijlik talabalar boshqalarga ham ko‘maklashadi. Bu esa til o‘rganishning amaliy ahamiyatini ko‘rsatadi: kundalik muloqotda bir-birlariga yordam beradi, yangi do‘stlar orttiradi va mahalliy muhitga tezroq moslashadi.

Raj va Nadiminining hikoyalari tilni o‘rganish faqat yangi so‘zlarni o‘zlashtirishdan iborat emasligini ko‘rsatadi. Til orqali xalqning madaniyati, qadriyatlari va odamlarga munosabati ham kashf etiladi. Hindistonlik yoshlarning o‘zbekcha suhbatlashishi, milliy qo‘shiqlarimizni kuylashi va madaniyatimizga qiziqishi esa ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlikning samimiy ifodasidir.

Ahror ZIYoDOV.