Dang‘ara tumani tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Anvarjon Jumanov O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining «Iste’molchi huquqlari himoyachisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Xo‘sh, ushbu e’tirofga qanday ishlar asos bo‘ldi?
Avvalo, tibbiy xizmatdan foydalanuvchi har bir bemor ham iste’molchi hisoblanadi. U ko‘rsatilayotgan xizmat haqida to‘liq ma’lumot olish, uning sifati va xavfsizligiga ishonch hosil qilish, huquq va qonuniy manfaatlari buzilgan taqdirda himoya so‘rash huquqiga ega. Shu nuqtai nazardan, tibbiyot muassasalari bilan Federatsiya o‘rtasidagi hamkorlikning ahamiyati katta.
Federatsiyaning Dang‘ara tuman jamiyati bilan hamkorlikdagi ishlari 2025 yil davomida tumandagi bir qator tibbiyot muassasalarini qamrab oldi. Jumladan, Urganji oilaviy shifokorlik punkti, 107-oilaviy poliklinika, tuman Markaziy poliklinikasi va 30-oilaviy poliklinikada tibbiyot xodimlari ishtirokida uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etildi.
Ularda iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga oid qonunchilik, bemor va xizmat ko‘rsatuvchining huquq hamda majburiyatlari, huquq buzilgan holatlarda tegishli tashkilotlarga murojaat qilish tartibi tushuntirildi. Tibbiy xizmat ko‘rsatishda bemor manfaatlarini inobatga olish, xodimlarning huquqiy bilimi va iste’mol madaniyatini oshirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Hamkorlikning amaliy ko‘rinishlaridan biri 107-oilaviy poliklinikada Federatsiyaning boshlang‘ich tashkiloti — tayanch guruhi tashkil etilgani bo‘ldi. Bu orqali tibbiyot muassasasi xodimlarini iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan ijtimoiy harakatga jalb etish, jamoatchilik nazoratidagi ishtirokini kengaytirish imkoniyati yaratildi.
Urganji oilaviy shifokorlik punktidagi uchrashuvlarda esa Federatsiyaga kelib tushayotgan murojaatlar, ularni o‘rganish va hal etish natijalari misollar orqali tushuntirildi. Tibbiyot xodimlarining o‘zlari ham turli xizmatlardan foydalanishda iste’molchi sifatidagi huquqlarini bilishi zarurligiga urg‘u berildi.
Bu kabi hamkorlikning mazmuni birgina huquqiy targ‘ibot bilan cheklanmaydi. U tibbiyot muassasalarida bemorlar manfaatlarini himoya qilishga e’tiborni kuchaytirish, xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish va fuqarolar murojaatlariga befarq bo‘lmaslikka xizmat qiladi.
Anvarjon Jumanovning «Iste’molchi huquqlari himoyachisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishi ham aholi manfaatlarini himoya qilish va ijtimoiy sheriklik aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan faoliyatining e’tirofi bo‘ldi.