Ko‘zingiz bezovta qilsa, qayerga murojaat qilasiz? Qaysi shifokorga uchrashish kerak? Qanday tekshiruvlardan o‘tiladi?
Farg‘onadagi Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi filiali poliklinikasiga kelgan bemor bu savollarga javob izlab sarson bo‘lmaydi.
Bu yerda bemorlarni avvalo hamshiralar kutib oladi. Shikoyatini tinglab, tegishli shifokor qabuliga yo‘naltiradi. Zarur bo‘lsa, shifokor xonasigacha kuzatib ham qo‘yadi.
Oddiydek ko‘ringan bu e’tibor, ayniqsa, sog‘lig‘idan xavotirda bo‘lgan bemor uchun muhim. Chunki bunday paytda nafaqat tibbiy yordam, balki samimiy muomala va to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ham kerak.
Poliklinikadagi asosiy maqsad ham shu, har bir bemorga e’tibor bilan yondashish, uning shikoyatini o‘rganish va zarur tibbiy yordamga yo‘naltirish.
Yana bir muhim jihat, ko‘z kasalliklarini erta aniqlash. Zero, ayrim xastaliklar dastlab bilinmasligi mumkin. Ko‘rish qobiliyatida o‘zgarish sezilsa, uni oddiy hol deb qabul qilmaslik kerak.
Bu yerdagi ko‘rik va tekshiruvlar ko‘z salomatligini baholash, muammoni aniqlash hamda keyingi davolash yo‘lini belgilashga yordam beradi.
Ko‘z, inson uchun dunyoni anglash imkoni. Uni asrash esa o‘z vaqtidagi e’tibordan boshlanadi.
———-