Giyohvandlik va alkogolga qaramlik — insonning o‘ziga, oilasiga va jamiyatga ta’sir qiladigan jiddiy tibbiy muammo. Uni vaqtida anglash va yordam so‘rash esa sog‘lom hayotga qaytish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Inson ichishni yoki giyohvand moddalarni iste’mol qilishni tashlashga bir necha bor urinadi. O‘ziga so‘z beradi, yaqinlariga va’da qiladi. Ammo biroz vaqt o‘tgach, yana avvalgi holatiga qaytadi. Oila a’zolari buni iroda sustligi deb tushunishi, tanbeh berishi yoki muammoni boshqalardan yashirishga urinishi mumkin. Aslida esa bunday vaziyat ortida mutaxassis yordamini talab qiladigan qaramlik bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
Qaramlik — oddiy odat yoki iroda yetishmasligi bilangina izohlanadigan holat emas. Uning shakllanishida biologik, ruhiy va ijtimoiy omillar ishtirok etadi. Ruhiy zo‘riqish, atrofdagilarning ta’siri, ayrim hayotiy qiyinchiliklar va moddalarning o‘ziga xos ta’siri xavfni kuchaytirishi mumkin.
Shu bois muammoni faqat taqiqlash, koyish yoki jazolash bilan hal etib bo‘lmaydi. Avvalo, uning sabablarini tushunish va zarur tibbiy yordamni tashkil etish kerak.
Alkogolning zarari ko‘pincha kech anglanadi
Alkogolli ichimliklar kundalik hayotda keng tarqalganligi sababli ularning xavfi ba’zan yetarlicha baholanmaydi. Ayrimlar pivo yoki boshqa ichimliklarni kuchli alkogolli ichimliklarga qaraganda zararsizroq deb hisoblaydi. Biroq alkogol tarkibidagi etanol markaziy asab tizimiga ta’sir qiluvchi, qaramlikni yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan moddadir.
Alkogol fikrlash, muvozanat va qaror qabul qilish qobiliyatini susaytiradi. Uni muntazam va ko‘p miqdorda iste’mol qilish esa jigar, yurak-qon tomir tizimi hamda boshqa a’zolarga zarar yetkazishi, ayrim saraton kasalliklari va ruhiy buzilishlar xavfini oshirishi mumkin.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2024-yilda e’lon qilingan, 2019-yil ma’lumotlariga asoslangan hisobotida dunyo bo‘yicha 400 million kishi alkogol iste’moli bilan bog‘liq buzilishlar bilan yashagani, ularning 209 million nafari alkogolga qaram bo‘lgani qayd etilgan. Bu raqamlar muammoning ko‘lamini ko‘rsatadi.
Yana bir muhim jihat bor: uzoq vaqt alkogol iste’mol qilgan inson uni birdan to‘xtatganda og‘ir abstinent sindrom rivojlanishi mumkin. Kuchli titroq, tutqanoq, ongning chalkashishi yoki gallyutsinatsiyalar shunday xavfli holatlardan дарак berishi mumkin. Бундай vaziyatda shoshilinch tibbiy yordam zarur. Shu sababli og‘ir qaramlik mavjud bo‘lsa, ichishni to‘xtatish jarayonini shifokor bilan maslahatlashmasdan boshlash xavfli.
Qaramlikning dastlabki belgilarini o‘tkazib yubormang
Muammoni erta aniqlash uchun insonning xulq-atvori va kundalik hayotidagi o‘zgarishlarga e’tibor berish lozim. O‘qish yoki ishga qiziqishning pasayishi, oiladan uzoqlashish, uyqu va kayfiyatning o‘zgarishi, modda iste’moli ustidan nazoratni yo‘qotish shular jumlasidan bo‘lishi mumkin.
Ayniqsa, inson iste’molni kamaytirishga yoki butunlay to‘xtatishga urinib, bunga erisha olmasa, sog‘lig‘i va munosabatlariga zarar yetayotganini bilsa-da, iste’molni davom ettirsa, mutaxassisga murojaat qilish kerak. Biroq bu belgilar o‘z-o‘zidan tashxis qo‘yish uchun yetarli emas. Ularni shifokor baholashi lozim.
Yoshlar orasida profilaktika ham alohida e’tibor talab qiladi. Ota-onaning farzandi bilan ochiq muloqot qilishi, uning tashvishlarini tinglashi va qiyinchiliklarini mensimasligi emas, tushunishga urinishi muhim. Ta’lim muassasalari, mahalla va tibbiyot xodimlarining hamkorligi esa yoshlarga zararli moddalar oqibatlarini tushuntirish va kerakli paytda yordamga yo‘naltirish imkonini beradi.
Davolash — bir martalik jarayon emas
Narkologik kasalliklarni davolash har bir bemorning holatiga qarab belgilanadi. Bunda tibbiy ko‘rik, zarur hollarda dori vositalari, psixoterapiya, motivatsion suhbatlar, oila ko‘magi va reabilitatsiya muhim o‘rin tutadi.
Davolashning maqsadi faqat modda iste’molini to‘xtatish emas. Insonning jismoniy va ruhiy salomatligini tiklash, oilaviy munosabatlarini yaxshilash hamda mehnat va ijtimoiy hayotga qaytishiga ko‘maklashish ham muhimdir.
Ba’zan davolanish davomida inson yana iste’mol qilishga qaytishi mumkin. Buni yordam berishdan voz kechish uchun sabab deb bilmaslik kerak. Aksincha, vaziyatni tahlil qilish, davolash rejasini qayta ko‘rib chiqish va bemorni qo‘llab-quvvatlash zarur.
Eng muhimi — vaqtida yordam so‘rash
Qaramlikka duch kelgan insonni haqoratlash, kamsitish yoki undan yuz o‘girish muammoni hal qilmaydi. Aksincha, bunday munosabat uning yakkalanishiga va tibbiy yordamga murojaat qilishni kechiktirishiga olib kelishi mumkin.
Agar inson alkogol yoki boshqa psixoaktiv moddalarni iste’mol qilishni nazorat qilishda qiynalayotgan bo‘lsa, narkolog mutaxassisga murojaat qilishi lozim. Yaqinlari esa uni ayblash o‘rniga, yordam olishga undashi va davolanish jarayonida qo‘llab-quvvatlashi kerak.
Narkologik kasalliklarning oldini olish va ularni davolash faqat tibbiyot xodimlarining vazifasi emas. Bunda oila, ta’lim muassasalari, mahalla va butun jamiyatning hamkorligi zarur.
Qaramlikni yashirish emas, uni tan olish va yordam so‘rash — sog‘lom hayot sari tashlangan muhim qadamdir.
Ahmadjon ZUHRIDDINOV,
Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi
narkologiya xizmati bo‘yicha Farg‘ona viloyati filiali shifokor-narkologi.