Farg‘ona viloyatida 2026 yilning dastlabki yetti oyi bo‘yicha ona va bolalikni muhofaza qilish sohasidagi asosiy ko‘rsatkichlar va dolzarb muammolar tahlil qilindi.
Yig‘ilishda sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosarlari, shahar va tuman tibbiyot birlashmalari rahbarlari, perinatal markazlar, tug‘ruq bo‘limlari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Taqdimotda profilaktika, erta aniqlash va yuqori xavfli homiladorlarni kuzatish tizimini yanada kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Xususan, erta tug‘ruqlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 30 tadan 45 taga oshgan. Shuningdek, bir yilgacha bo‘lgan tug‘ruq intervali holatlari 90 tadan 211 taga ko‘paygani reproduktiv salomatlik sohasida profilaktik ishlarga e’tiborni kuchaytirish zarurligini ko‘rsatdi.

Homiladorlarni erta hisobga olish bo‘yicha ham ayrim muammolar saqlanib qolmoqda. 12 haftadan kech hisobga olingan homiladorlar soni oshgan. Bu esa yuqori xavfli homiladorliklarni o‘z vaqtida aniqlash va nazorat qilish ahamiyatini yanada oshiradi.
Prenatal skrining bilan qamrov viloyat bo‘yicha 90,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa-da, ayrim hududlarda bu ko‘rsatkich pastligicha qolmoqda. Tahlil davomida tug‘ma nuqsonlarni erta aniqlash va yuqori xavfli homiladorlarni doimiy monitoring qilishni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Go‘daklar o‘limi sabablari tahlilida perinatal davr kasalliklari va tug‘ma nuqsonlar bilan bog‘liq holatlar asosiy sabablar qatorida ekani qayd etildi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan perinatal davr kasalliklari bilan bog‘liq o‘lim holatlari 6,8 foizga, tug‘ma nuqsonlar bilan bog‘liq o‘lim holatlari esa 8,3 foizga oshgan.

Yig‘ilishda profilaktika ishlariga befarq bo‘lmaslik, xavfli homiladorliklar va asoratlarning oldini olish choralarini kuchaytirish, har bir holatni chuqur tahlil qilish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, o‘z vazifasiga loqayd munosabatda bo‘lgan xodimlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish, tug‘ruq bo‘limlarining reanimatsion imkoniyatlarini kengaytirish va yuqori xavfli homiladorlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
——————-