Bugun Farg‘onada sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Olim Omonovning axborot tizimlari bo‘yicha hamshiralar bilan uchrashuvi o‘ziga xos samimiy muhitda o‘tdi.
«Men bugun sizlar bilan ochiq muloqot qilish uchun keldim. Bu rasmiy yig‘ilish emas», — dedi vazir o‘rinbosari uchrashuv avvalida.
U oq xalatda bemorlarga xizmat qilishning o‘zi katta mas’uliyat va baxt ekanini ta’kidlab, tibbiyotda raqamlashtirish jarayoni tufayli hamshiralarning ish hajmi ortganini qayd etdi.
— Bir jamoa bo‘lishimiz kerak. Jamoamiz a’zolaridan biri kasal bo‘lsa yoki og‘ir ahvolga tushsa, doim xabar olib turishni odatga aylantirishimiz lozim, — dedi Olim Omonov.
Uchrashuv davomida vazir o‘rinbosari bir guruh hamshiralar bilan ochiq suhbatlashdi, ularni sahnaga taklif etib, o‘z fikrini erkin bildirishga undadi.
Quvasoy shahar poliklinikasi xodimi Sayyoraxon Yoqubova esa raqamli tizimlarning bemorlar uchun yaratayotgan qulayliklariga to‘xtaldi. Uning aytishicha, yo‘llanmalarni rasmiylashtirish va zarur ishlarni bajarish endi bir necha soniyada amalga oshirilmoqda. Bu esa ham tibbiyot xodimining vaqtini tejab, ham bemorlarga xizmat ko‘rsatish jarayonini ancha yengillashtirmoqda.
Rapqonlik 11-oilaviy poliklinika hamshirasi Zarinaxon Vohidova esa bu yo‘nalishdagi ish faoliyati unga ko‘proq imkoniyat yaratganini ta’kidladi. Uning aytishicha, bu kasb orqali uy-joyli bo‘lgan va o‘qishga kirish niyatida.
Suhbatda Buvayda, Quva, Beshariq tumanlari hamda Farg‘ona shahrida faoliyat yuritayotgan hamshiralar ham o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi.
Uchrashuvning eng iliq lahzalaridan biri esa tadbir davomida kuzatildi. Olim Omonov zaldagi ishtirokchilarni muzqaymoq bilan siyladi. Kutilmagan bu iliq munosabat zaldagi erkin va samimiy muhitni yanada yaqinlashtirdi.
Muloqot chog‘ida ishtirokchilar o‘zlarini o‘ylantirayotgan masalalarni ochiq aytdilar. Kimdir hayajonlandi, yana kimdir ko‘z yoshini yashira olmadi.
Uchrashuv yakunida faolligi va samarali mehnati bilan ajralib turgan hamshiralar e’tirof etilib, rag‘batlantirildi.
———————