Transplantologiya sohasida Belarus bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari Ramzbek O‘taboyev boshchiligidagi O‘zbekiston tibbiyot delegatsiyasi Belarus Respublikasida xizmat safarida bo‘ldi. Delegatsiya tarkibidan Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona filiali direktori Kamoliddin Rahmonov, Oltiariq tumani tibbiyot birlashmasi rahbari Dilmurod Sattorov va Quvasoy shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Nuriddin Hojimaxsudov ham o‘rin oldi.

Tashrif Minsk markaziy tuman klinik kasalxonasi faoliyati bilan tanishuvdan boshlandi. Muassasa bosh shifokori Garik Barsamyan bilan uchrashuvda tibbiyot kadrlarini tayyorlash, zamonaviy davolash standartlarini joriy etish va ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Delegatsiya a’zolari kasalxonaning davolash bo‘limlari va bemorlar uchun yaratilgan sharoitlarni ham ko‘zdan kechirdi.

Minsk viloyati klinik tug‘ruqxonasi bosh shifokori Pyotr Mosko bilan muloqotda xavfsiz onalikni ta’minlash, zamonaviy tibbiy va axborot texnologiyalarini joriy etish borasidagi tajribalar o‘rganildi. Muassasaning bu yo‘nalishdagi faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimot ham namoyish etildi.

Delegatsiyaning «Xirurgiya, transplantologiya va gematologiya Minsk ilmiy-amaliy markazi»ga tashrifi amaliy ahamiyati bilan ajralib turdi. Markaz direktori Oleg Rummo bilan uchrashuvda Farg‘onada transplantatsiya amaliyotlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, Belarus mutaxassislari bilan doimiy hamkorlik qilish, mahalliy shifokorlar malakasini oshirish va o‘quv kurslarini tashkil etishga kelishildi. Jumladan, belaruslik kardiojarrohning Farg‘onaga tashrif buyurib, mahalliy mutaxassislar uchun mahorat darsi o‘tkazishi rejalashtirildi.

Mazkur hamkorlik tibbiyot sohasida ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish, yangi tibbiy yo‘nalishlarni rivojlantirish va aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar turini kengaytirishga xizmat qiladi.

———-