Nozik qo‘lli mas’uliyatli kasb egasi

Yangi tug‘ilgan chaqaloqning hayotidagi ilk daqiqalar juda muhim. Ayniqsa, muddatidan oldin yoki turli asoratlar bilan dunyoga kelgan go‘daklarni parvarishlash, ularning hayotiy ko‘rsatkichlarini nazorat qilish va zarur tibbiy yordam ko‘rsatish neonatologdan katta bilim, tajriba va mas’uliyat talab etadi.

Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona viloyat filiali vrachi, oliy toifali neonatolog Malika Vaxabova qariyb 36 yildan buyon shu sohada mehnat qilib kelmoqda.

Uning tibbiyotga bo‘lgan mehr va qiziqishi Andijon davlat tibbiyot institutining pediatriya fakultetida tahsil olgan yillaridan boshlangan. Oliy ta’limni tamomlagach, «Neonatologiya» mutaxassisligi bo‘yicha internaturani o‘tadi. Mehnat faoliyatini 1990 yilda Andijon tumani markaziy shifoxonasida vrach-neonatolog sifatida boshladi. 2003 yildan buyon esa Farg‘onadagi mazkur muassasada ishlab kelmoqda.

Yillar davomida to‘plagan tajribasi bilan birga, Malika Vaxabova neonatologiya sohasidagi yangiliklarni o‘zlashtirish, ilg‘or usullarni amaliyotga tatbiq etish va hamkasblarining malakasini oshirishga ham hissa qo‘shib kelmoqda.

U YuNISEF bilan hamkorlikda onalik va bolalikni muhofaza qilish xizmatlarini takomillashtirishga qaratilgan loyihalar doirasida milliy trener sifatida ishtirok etgan. Chaqaloqlar birlamchi reanimatsiyasi, yangi tug‘ilgan sog‘lom va bemor bolalarni parvarishlash, neonatal jihozlardan samarali foydalanish hamda respirator terapiya bo‘yicha respublika hududlarida tashkil etilgan seminarlarda mutaxassislarga bilim va tajribasini yetkazgan.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan milliy qo‘llanmalar, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari va xalqaro standartlarni viloyatdagi tug‘ruq muassasalari amaliyotiga tatbiq etishda qatnashib kelmoqda.

004
002
003
001

U mehnat qilayotgan filial jamoasi ham ona va bola salomatligini muhofaza qilish borasida qator natijalarga erishmoqda. Esingizda bo‘lsa shu yil iyul oyida muassasada bir yo‘la uch nafar qizaloq — Samiya, Sa’diya va Sumayya dunyoga keldi. Ona va chaqaloqlarning ahvoli yaxshi bo‘lishida Malika Vaxabovaning hamkasblari bilan hamjihatlikdagi mehnati muhim bo‘ldi.

Filialning xalqaro standartlarga muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lishi ham muassasa faoliyatidagi muhim natijalardan biridir. Bu yerda zamonaviy tibbiy texnologiyalardan foydalanish, asoratli kechayotgan homiladorlik va tug‘ruq holatlarida, shuningdek, bemor hamda muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlarga ixtisoslashtirilgan yordam ko‘rsatish imkoniyatlari mavjud.

Oilasi, uch nafar farzandning onasi, nozik qo‘lli, mas’uliyatli kasb egasi bo‘lgan Malika Vaxabova faoliyatining yana bir yo‘nalishi — yosh mutaxassislarga ustozlik qilish. U filialdagi yosh shifokorlar va hamshiralarga kasbiy tajribasini o‘rgatib, ularning malakasini oshirishi va mutaxassis sifatida shakllanishiga ko‘maklashadi. Bugun u bilan birga ko‘plab shogirdlari faoliyat yuritmoqda.

———-