Farg‘ona shahrida “Salomatlik marafoni” boshlandi

Farg‘ona shahrida aholi salomatligini mustahkamlash, kasalliklarning oldini olish va ularni erta aniqlashga qaratilgan “Salomatlik marafoni” boshlandi. Uning ochilish tadbiri Farg‘ona shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida bo‘lib o‘tdi.

Marafonning asosiy maqsadi — aholini profilaktik tibbiy ko‘riklarga keng jalb etish, salomatlikdagi muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va sog‘lom turmush tarziga e’tiborni kuchaytirish.

Marafon doirasida fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, aniqlangan holatlarga ko‘ra ularga zarur tavsiyalar berilmoqda. Tekshiruv natijalarining DMED elektron tizimiga kiritilishi esa fuqaroning salomatlik holatini keyinchalik ham kuzatib borish imkonini beradi.

Tadbirda ko‘z salomatligiga ham alohida e’tibor qaratildi. Ko‘z kasalliklarini erta aniqlash va ularning oldini olish maqsadida ko‘chma oftalmologiya xizmati tashkil etildi. Shifokor Feruza Abdullayeva boshchiligidagi brigada o‘nlab fuqarolarni qabul qildi. Murojaat qilganlarga zarur tavsiya va yo‘llanmalar berildi.

— Ko‘z bilan bog‘liq ayrim muammolar dastlab sezilarli belgilarsiz kechishi mumkin. Shuning uchun profilaktik ko‘rikdan o‘tish, ko‘rishdagi o‘zgarishlarga e’tiborli bo‘lish va mutaxassis tavsiyasiga amal qilish muhim, — deydi oftalmolog Feruza Abdullayeva.

“Salomatlik marafoni” doirasida tibbiy ko‘riklar bilan birga aholini jismoniy faollikka undash, ommaviy yurishlar va badantarbiya mashg‘ulotlarini tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan tadbirlar ham o‘tkazilmoqda.