Farg‘ona viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasida viloyatda 2025–2026 yillarning yetti oyi davomida onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.
Yig‘ilishga viloyat hokimi o‘rinbosari Sherzod Polvonov raislik qildi. Unda viloyat prokurori o‘rinbosari Otabek Toshmatov, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Ramzbek O‘taboyev, sohadagi mas’ullar, tug‘ruq muassasalari va bolalar shifoxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Tahlillar davomida viloyatda tug‘ilishlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,1 foizga kamaygani qayd etildi.
Shu bilan birga, erta tug‘ruqlar, tug‘ruqlar oralig‘ining qisqa bo‘lishi, homiladorlarni o‘z vaqtida hisobga olish, skrining bilan qamrab olish, kesar kesish amaliyoti hamda onalar va go‘daklar o‘limi bilan bog‘liq ko‘rsatkichlar muhokama qilindi.
Xususan, 15–17 yoshli qizlar o‘rtasida erta tug‘ruqlar soni 50 foizga oshgan. Tug‘ruqlar oralig‘i bir yilgacha bo‘lgan holatlar, beshinchi va undan keyingi tug‘ruqlar soni ham ko‘paygan.

Homiladorlarni 12 haftagacha tibbiy hisobga olish masalasiga ham e’tibor qaratildi. Kech hisobga olinganlar soni viloyat bo‘yicha 1 131 tani tashkil etgan. Tug‘ma anomaliyalar bilan tibbiy muassasalarga murojaatlar ko‘paygani ham qayd etildi.
Tug‘ruq muassasalarida tibbiy yordamni tashkil etish, xususan, reanimatsion postlarni tashkil qilish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi muhokama qilindi. Ayrim hududlarda go‘daklar o‘limi ko‘paygani qayd etildi.
Kesar kesish amaliyoti bilan yakunlangan tug‘ruqlar ulushi viloyat bo‘yicha 15,6 foizni tashkil etgan. Ayrim hududlarda birinchi marta tug‘ayotgan ayollarda bu ko‘rsatkich yuqori ekani bildirildi.
— Muammoni oldindan aniqlaydigan tizim — ustuvor vazifa, — dedi Sherzod Polvonov.
Yig‘ilishda tug‘ruq bo‘limi mas’ullarining tashabbuskorligini oshirish, muammolarni oldindan aniqlash va profilaktikaga ko‘proq e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.
Aholi bilan o‘tkaziladigan targ‘ibot va profilaktik uchrashuvlarga imomlarni ham jalb etish, ommaviy axborot vositalarida «Sog‘lom ona — sog‘lom bola» mavzusidagi targ‘ibotni kuchaytirish taklif etildi.
——————–