70 yosh — keksalik emas

«Shu yoshga kirsam ham o‘zimni yoshlardek his qilaman. Avvallari bu yoshdagi insonlarni hassa tayangan keksalar deb tasavvur qilardim. Hecham unday emas ekan», — deydi yubilyarimiz Avazbek Akbarov suhbatimizda.

Qo‘lida «70» raqami tushirilgan qizil papka. Yuzida esa tabassum. Unga qarab, yoshini tasavvur qilish qiyin.

Avazbek aka O‘zbekiston tumanida tug‘ilgan. 1979 yilda Toshkent davlat tibbiyot institutini tamomlab, mehnat faoliyatini Farg‘ona shahar DSENMda vrach-epidemiolog sifatida boshlagan.
Shundan so‘ng uning hayoti qariyb yarim asr davomida tibbiyot, xususan, epidemiologiya sohasi bilan bog‘landi. U turli yillarda Farg‘ona viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh epidemiologi, Farg‘ona shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh vrachi, shahar DSENM bosh vrachining epidemiologiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, sog‘liqni saqlash boshqarmasining vrach-inspektori, OITSga qarshi kurash markazida vrach-epidemiolog va bo‘lim mudiri vazifalarida ishladi.

U «Sog‘liqni saqlash a’lochisi» ko‘krak nishoni, «O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishoni, Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyat hokimligi va sog‘liqni saqlash boshqarmasining faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan.

Ammo uning o‘zi uchun eng muhimi mukofotlar emas, hali ham kasbi bilan birga ekani.

Bugun ham u sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat yuritmoqda. Ehtimol, insonni yosh ko‘rsatadigan narsa ham shu — o‘z ishi, odamlar va hayotga qiziqishini yo‘qotmaslik. Avazbek Akbarov esa 70 yoshini aynan shu ruhda kutib oldi.