Bugun Quvasoy shahri, Oltiariq va Rishton tumanlarida tibbiyot tizimi holatini o‘rganish natijalari muhokama qilingan tanqidiy yig‘ilish o‘tkazildi. Unda viloyat hokimining o‘rinbosari Sherzod Polvonov, viloyat prokurori o‘rinbosari Otabek Toshmatov, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i v.b. Ramzbek O‘taboyev, shahar va tuman tibbiyot birlashmalari hamda davolash muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Ramzbek O‘taboyev o‘rganish natijalari bo‘yicha axborot berdi. Quvasoy, Oltiariq va Rishtonda tibbiy xizmatni tashkil etish, dori-darmon va tibbiy buyumlar ta’minoti, sanitariya holati, shoshilinch tibbiy yordam, tibbiy hujjatlarni yuritish hamda xodimlar mas’uliyati bilan bog‘liq qator kamchiliklar qayd etildi.
Xususan, Oltiariq tumani tug‘ruqxonasida ayrim dori vositalari va sarflov materiallari zaxirasi yetarli emasligi, kutish joylarida o‘tirish o‘rinlari kamligi va obodonlashtirish ishlari talab darajasida emasligi aniqlandi. Ayrim kamchiliklar shu kunning o‘zida bartaraf etildi.
Quvasoy shahrida esa muammolar yanada keng ko‘lamda ekani qayd etildi. Markaziy shifoxonaning bolalar bo‘limida 2026 yilning birinchi yarmida go‘daklar o‘limi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan oshgani qayd etildi. Shuningdek, shoshilinch qabul bo‘limida triaj tizimi, dori ta’minoti va DMED tizimini yuritishda kamchiliklar, ayrim bo‘limlarda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilmayotgani tanqid qilindi.

Yig‘ilishda bemorlarga ajratilgan vaucherlardan foydalanishda ham kamchiliklar borligi qayd etildi. Ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha vaucherlar bemorlarga to‘liq yetkazilmagan, transplantatsiya uchun ajratilgan vaucherlar ijrosi ham qoniqarli emas. Ayrim hududlarda bu boradagi hisobotlar to‘liq yuritilmayotgani tanqid qilindi.
Rishton tumanida ham tibbiy xizmatni tashkil etishdagi ayrim kamchiliklar va xodimlarning xizmat vazifalariga mas’uliyatsiz yondashishi tanqid qilindi.
Yig‘ilish yakunida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, tibbiy xizmat sifatini oshirish va berilgan topshiriqlar ijrosini qat’iy nazoratga olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
———————