Bo‘zatov tumanida Farg‘ona viloyatidan borgan tibbiyot mutaxassislari ishtirokida aholi uchun tibbiy ko‘riklar tashkil etildi. Ikki kun davomida tuman tibbiyot birlashmasi va 28-oilaviy poliklinikada 500 nafardan ortiq fuqaro shifokorlar ko‘rigidan o‘tdi.
Turli yo‘nalishlar bo‘yicha qabullar davomida bemorlarga zarur tibbiy tavsiyalar berildi, qo‘shimcha tekshiruv yoki davolanish talab etilgan holatlar bo‘yicha yo‘llanmalar rasmiylashtirildi.
Ko‘z salomatligiga ham alohida e’tibor qaratildi. Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona filiali shifokori Abrorjon Xolmirzayev 50 nafarga yaqin bemorni ko‘rikdan o‘tkazdi. Ularga zarur tavsiyalar berildi.

Mazkur tadbir Prezidentning Qoraqalpog‘iston hududlarini respublika viloyatlari ko‘magida rivojlantirish tashabbusi doirasida amalga oshirilmoqda. Bo‘zatov tumani Farg‘ona viloyatiga biriktirilgan bo‘lib, hamkorlik doirasida sog‘liqni saqlash sohasida ham amaliy ishlar olib borilmoqda.