Bir poliklinikadan — uch yuksak e’tirof (video)

Oltiariq tumanidagi 89-oilaviy poliklinikada yillar davomida samarali mehnat qilib, hamkasblariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan tibbiyot xodimlari bor. Buni keyingi yillarda ularning mehnati yuksak baholangani ham ko‘rsatadi.

2024 yilda poliklinikaning patronaj hamshirasi Aynura Shakirova «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan bo‘lsa, 2025 yilda muassasa mudiri Marxabaxon Aliyeva «Sog‘lom avlod uchun» ordeni II darajasiga sazovor bo‘ldi.

Bu yil esa poliklinikaning katta hamshirasi Mahliyoxon Ismoilova Prezident farmoni bilan «Shuhrat» medali bilan mukofotlandi.

Maxliyoxon Ismoilovaning mehnat faoliyati ham shu jamoa bilan uzviy bog‘liq. U 30 yildan buyon 89-oilaviy poliklinikada ishlab kelmoqda. Bugun muassasa 8 ta mahalladagi 22 ming 700 nafardan ortiq aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda.
Poliklinikada tibbiy xizmatni raqamlashtirish jarayonlari ham izchil davom etmoqda. «Elektron poliklinika» tizimi orqali bemorlarni elektron ro‘yxatga olish, tahlil natijalarini kuzatish, elektron retsept rasmiylashtirish va dori vositalari ta’minotini nazorat qilish imkoniyatlari kengaygan.

Bu o‘zgarishlar tibbiyot xodimlarining ortiqcha qog‘ozbozlikka emas, bemorga ko‘proq vaqt va e’tibor ajratishiga sharoit yaratmoqda. Shu bilan birga, kasalliklarni erta aniqlash, ularning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, bolalar va xotin-qizlar salomatligini muhofaza qilishga ustuvor ahamiyat berilmoqda.

————————