Sog‘liqni saqlash tizimida nimalar o‘zgarmoqda?

Farg‘ona viloyati Kengashi sessiyasidan reportaj.

Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Bobur Primqulov sohada 2026 yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar yuzasidan hisobot taqdim etdi.

03
02
01

Ta’kidlanganidek, Prezident farmon va topshiriqlari ijrosini ta’minlash doirasida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, kasalliklarni erta aniqlash, yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlarni kengaytirish va sog‘liqni saqlash infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Hisobotga ko‘ra, joriy yilda viloyat sog‘liqni saqlash tizimidagi 16 ta muassasada umumiy qiymati 121,4 milliard so‘mlik qurilish va rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Hisobot davrida ulardan uchtasi foydalanishga topshirildi.

Aholi salomatligini mustahkamlash maqsadida profilaktik tadbirlar qamrovi kengaytirildi. Joriy yilning birinchi yarim yilligida 18–40 yoshli 738,8 ming nafar aholi profilaktik tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Natijada 103 mingdan ortiq fuqaroda turli kasalliklar aniqlanib, ularning aksariyati ambulator yoki statsionar sharoitda sog‘lomlashtirildi.

Shuningdek, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va kasalliklar profilaktikasini kuchaytirish bo‘yicha tizimli targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Haftaning har kuniga belgilangan mavzular asosida stressga qarshi kurashish, tamaki va alkogolning zarari, sog‘lom ovqatlanish, jismoniy faollik hamda sog‘lom turmush tarziga bag‘ishlangan tadbirlar tashkil etildi. Hisobot davrida viloyatning barcha 19 ta hududida jami 24 ming 198 ta targ‘ibot tadbiri o‘tkazilib, ularda 318 ming 283 nafar aholi ishtirok etdi. Tadbirlar doirasida 79 ming 648 ta targ‘ibot materiallari tarqatildi, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda esa 2 ming 576 ta chiqish amalga oshirildi.

40 yoshdan yuqori aholi o‘rtasida yurak-qon tomir kasalliklari va qandli diabetni erta aniqlash bo‘yicha keng ko‘lamli skrininglar tashkil etildi. Ular natijasida 7 273 nafarda yurak-qon tomir kasalligi, 4 113 nafarda esa qandli diabet ilk bor aniqlanib, davolash va dispanser kuzatuv choralari belgilandi.

Ayollar salomatligini muhofaza qilish doirasida ham onkologik skrininglar davom ettirildi. Hisobot davrida qariyb 236 ming nafar ayol bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratoni bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkazildi. Natijada ko‘plab onkologik kasalliklar erta bosqichda aniqlanib, bemorlarni davolash choralari ko‘rildi.

Sessiyada ona va bola salomatligiga oid ko‘rsatkichlar ham tahlil qilindi. Xususan, ona o‘limi holatlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan kamaygani qayd etildi. Shu bilan birga, ayrim hududlarda chaqaloqlar o‘limi ko‘paygani tanqidiy muhokama qilinib, bu borada manzilli chora-tadbirlarni kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.

Kadrlar masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bugungi kunda davlat tibbiyot muassasalarida 8,5 mingdan ortiq shifokor va 41 mingdan ziyod o‘rta tibbiyot xodimi faoliyat yuritmoqda. Biroq tizimda 449 nafar shifokor mutaxassisiga ehtiyoj saqlanib qolmoqda. Mavjud bo‘sh o‘rinlarni to‘ldirish, yosh mutaxassislarni hududlarga jalb etish hamda xorijda malaka oshirish ishlarini davom ettirish belgilandi.

Tibbiy xizmatlarni dori vositalari bilan ta’minlash yuzasidan ham amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berildi. Hisobot davrida imtiyozli toifadagi bemorlar uchun 20,4 milliard so‘mlik dori vositalari va tibbiy sarf materiallari markazlashgan tartibda yetkazib berilgani ma’lum qilindi.

Muhokamada aholi murojaatlari tahlili ham ko‘rib chiqildi. Eng ko‘p murojaatlar davolanish uchun moddiy yordam, nogironlik masalalari, ishga joylashish, tibbiy xizmat sifati hamda tibbiyot xodimlari faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgani qayd etildi. Mas’ullarga mazkur murojaatlarning har biri bo‘yicha tizimli yechimlar ishlab chiqish topshirildi.

Sessiyada davlat-xususiy sheriklik asosida Farg‘ona shahrida barpo etiladigan zamonaviy ko‘p tarmoqli shifoxona loyihasining amalga oshirilishi haqida ham axborot berildi. Qayd etilishicha, xalqaro tender yakunlanib, Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston kompaniyalari konsorsiumi bilan davlat-xususiy sheriklik bitimi imzolangan. Ayni paytda loyihalash ishlari olib borilmoqda. Yangi tibbiyot majmuasini 2029 yil 6 dekabrda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Mazkur loyiha doirasida hozirgi kunda faoliyat yuritayotgan 5 ta shifoxona yagona zamonaviy tibbiyot majmuasi tarkibida faoliyat olib borishi ko‘zda tutilgan.

Sessiya yakunida tegishli qaror qabul qilinib, viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Bobur Primqulovning hisoboti ma’lumot uchun qabul qilindi. Qarorda aholi salomatligini mustahkamlash, profilaktikani kuchaytirish, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish hamda sohadagi nazoratni kuchaytirishga qaratilgan vazifalar belgilandi.