— To‘g‘risi, ilgari shifoxona deyilsa, ko‘z oldimizga qorong‘i xona ko‘rinardi. Chunki muammo ko‘p edi. Tibbiy xizmatdagi sifat past, sharoit og‘ir, oddiy tashxis uchun ham markaziy shifoxonalarda uzoq navbat kutishga majbur edik. Yaxshi eslayman, atrofimizda qandli diabet bilan og‘rigan insonlar ko‘p uchrardi. Hozir o‘ylab ko‘rsam, bizda bu kasallikni keltirib chiqaradigan omillar ko‘p bo‘lgan. Xalqaro diabet federatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu kasallikni keltirib chiqaruvchi asosiy omillar noto‘g‘ri ovqatlanish, kamharakatlik va hissiy depressiya.
Bizda shu paytgacha to‘g‘ri ovqatlanish haqida hech qanday tushuncha bo‘lmagan. Prezidentimiz shaxsan o‘zi bu borada katta islohotlarni boshlab berdi. Maxsus hujjatlar qabul qilinib, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish boshlandi. Mahallalarda sport bilan shug‘ullanishga sharoit yaratilmoqda. Biz shunchaki sayr va tadbirkorlik uchun yaxshi sharoit deb biladigan 24/7 rejimdagi ko‘chalar ham shunga xizmat qilyapti. Oilaviy sayrlar ruhiy quvvat bo‘ladi axir!
Natijada kasallikning oldini olish, erta aniqlash, davolash bilan bog‘liq chora-tadbirlar ko‘lami kundan kunga ortib bormoqda. Akademik Yorqinjon To‘raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona filialida diabet kasalligiga chalingan bemorlar yuqori malaka bilan davolanmoqda. Bundan tashqari, xastalikning oldini olish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, diabetga chalinish sonini imkon qadar kamaytirish borasida ibratli ishlar qilinyapti.
— Qandli diabet surunkali kasallik. Uni vaqtida aniqlab davolash shart, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona filiali direktori v.b. A’zamjon Isroilov. — Shu bois, barcha shahar-tumanlardagi patronaj hamshiralarga ham endokrin kasalliklar, uning alomatlari va profilaktikasi xususida tushuncha berib kelyapmiz. Bundan tashqari, tuman tibbiyot birlashmalarida imkon darajasida xavf guruhidagi fuqarolar uchun o‘rinlar ajratilgan. Eng ko‘p uchraydigan 6 ta nozologiya bo‘yicha bemor yo‘nalishi ishlab chiqildi va 1473 oilaviy shifokor va 1227 hamshira o‘qitildi. Ilgari 100 ming aholiga 1 ta endiokrinolog shtati bor edi. Hozirgi kunda bu miqdor 30 mingtani tashkil qiladi.
Filialdagi “Diabet maktabi”da xastalik bilan og‘rigan bemorlarga ilmiy asoslangan tavsiyalar berish, foydali ko‘nikmalarni hosil qilishiga ko‘maklashilyapti.
— Qandli diabet oshqozon osti bezi faoliyatida buzilish yuz berishi, insulin ishlab chiqarilishi kamayishi natijasida paydo bo‘ladi. Bunga, asosan, noto‘g‘ri ovqatlanish, kamharakatlik, ortiqcha vazn va irsiy moyillik sabab, — deydi “Diabet maktabi” bosh yo‘riqchisi Ma’muraxon Yoqubova. — Ko‘p hollarda kasallik alomatlariga e’tiborsizlik qilamiz. Bemorlar parhez so‘zini eshitishi bilan o‘zini juda mushkul vazifa olayotganday sezadi. Biz ularga o‘zini o‘zi nazorat qilishni, soddaroq aytsak, “qandli diabet bilan yashash”ni o‘rgatamiz. Mashg‘ulotlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, kundalik hayotida sog‘lom turmush tarziga amal qilib, xastalikni yengayotganlar ko‘pchilikni tashkil qilmoqda. Kelgusida “Sog‘lom ovqatlanish markazi” tashkil etishni reja qilganmiz. Bu yerda parhez taomlar pishiriladi, shuningdek, fitobar, fitnes xonalari faoliyat yuritadi, mutaxassislar ma’ruzalari, davra suhbatlari bo‘ladi.
O‘quv mashg‘ulotlari davomida yuqumsiz xastalikning kelib chiqishidan tortib, asoratlarga qarshi muolaja tadbirlari, hayot tarzini rejalashtirish va foydali taomlanish usullari haqida tushunchalar berib boriladi, og‘ir bosqichlarning oldini olish bo‘yicha ko‘nikmalar hosil qilinadi.
Bularning barchasi yangi O‘zbekiston tibbiyotining bugungi qiyofasi qanchalik o‘zgarib, xalqchil bo‘lib borayotganini ko‘rsatadi. Yana bir muhim jihat haqida aytmoqchiman. Yurtimizda og‘ir xastalikka yo‘liqqan bemorlarni davolashda xalqimiz O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekanini yurakdan his etmoqda.
Mana bitta hayotiy misol. Quva tumanida yashovchi Maftuna Ahmedovada tugunli buqoq qalqonsimon bez o‘sma kasalligi aniqlangan. Kasallikning zo‘rayishi natijasida bemor turli klinikalarda zarur tibbiy tekshiruvlardan o‘tgan. Ammo jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun oilaning iqtisodiy imkoniyati yo‘l bermagani bois, davolana olmagan. Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona filiali huzurida endokrinologiya bo‘yicha maxsus xirurgiya bo‘limi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Shu sabab odamlar og‘iri yengil, uzog‘i yaqin bo‘lyapti.
— Kasallik haqida eshitib, tushkunlikka tushdim, — deydi Maftuna. — Davolanish uchun xorijga borish, jarrohlik amaliyoti uchun katta mablag‘ talab etilardi. O‘zimizda ham bunday murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazilayotganini etishib, hayotga umidim ortdi. Bu yerda jarrohlik uchun katta mablag‘ shart bo‘lmadi. Amaliyot muvaffaqiyatli o‘tdi. Boshqalar qatori sog‘-salomat hayot kechiryapman.
Zamonaviy tibbiy uskuna va jihozlar uchun yo‘naltirilayotgan investitsiya hamda sohadagi ilmiy salohiyatning yuksalib borayotgani kasalliklarni erta aniqlash imkonini bermoqda. Eng muhimi, bemorlar ortiqcha sarf-xarajat qilmasdan, o‘zlari yashab turgan hududda sifatli davolanib sog‘ayayotgani ko‘plab oilalarga haqiqiy quvonch va shodlik olib kirmoqda.
Rasuljon KAMOLOV,
“Yangi O‘zbekiston” gazetasi muxbiri.