Doimiy xavotir va qo‘rquv: qachon shifokorga murojaat qilish kerak?

Har bir inson hayotida xavotir, qo‘rquv, asabiylashish yoki ruhiy zo‘riqishni boshdan kechiradi. Bu tabiiy holat. Ammo ba’zan bunday kechinmalar uzoq davom etib, insonning kundalik hayoti, mehnat faoliyati va yaqinlari bilan munosabatlariga ham ta’sir ko‘rsata boshlaydi. Doimiy bezovtalik, uyqusizlik, tez jahl chiqishi yoki diqqatni jamlay olmaslikka befarq qarash kerak emas.

Xalq orasida bunday holatlar ko‘pincha nevroz deb ataladi. Tibbiyotda esa xavotir, qo‘rquv va stress bilan bog‘liq turli ruhiy buzilishlar alohida baholanadi. Ularning har biri o‘z belgilari va davolash yondashuvlariga ega.

Nevrotik buzilishlarni qanday tanish mumkin?

Bunday holatlarda inson o‘ta ta’sirchan, jizzaki, bezovta bo‘lib qolishi, kayfiyati tez-tez o‘zgarishi mumkin. Ba’zan u arzimagan vaziyatlardan ham qattiq xavotirga tushadi, o‘zini boshqara olmayotgandek his qiladi.

Shuningdek, uyquga ketish qiyinlashishi, tungi uyqu buzilishi, tez charchash, diqqatni jamlay olmaslik va ish qobiliyatining pasayishi kuzatiladi.

Ayrim bemorlarda ruhiy bezovtalik jismoniy alomatlar bilan ham namoyon bo‘ladi. Masalan, yurak urishining tezlashishi, terlash, qo‘l-oyoq titrashi, bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, mushaklar tarangligi yoki nafas yetishmayotgandek his qilish mumkin.

Biroq bu belgilarning o‘zi nevrotik buzilish borligini anglatmaydi. Ular boshqa somatik kasalliklarda ham uchrashi mumkin. Shuning uchun to‘g‘ri tashxis qo‘yish muhim.

Oddiy asabiylashishdan farqi nimada?

Kundalik tashvish yoki muayyan vaziyat tufayli asabiylashish, odatda, muammo bartaraf etilganda kamayadi. Nevrotik buzilishlarda esa xavotir va bezovtalik uzoqroq davom etishi, ba’zan aniq sababsiz ham paydo bo‘lishi, uni nazorat qilish qiyinlashishi mumkin.

Eng muhimi, bunday holat insonning kundalik faoliyatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. U ishini bajarishda qiynaladi, yaqinlari bilan munosabatlarida muammolarga duch keladi yoki odatiy mashg‘ulotlaridan voz kecha boshlaydi.

Qaysi mutaxassisga murojaat qilish kerak?

Doimiy xavotir, uyqu buzilishi, qo‘rquv va boshqa alomatlar hayot sifatiga ta’sir qila boshlasa, psixiatr yoki psixoterapevtga murojaat qilish tavsiya etiladi. Zarur hollarda davolash jarayoniga tibbiy psixolog ham jalb qilinadi.

Tashxis bemorning shikoyatlari, kasallik tarixi va ruhiy holatini o‘rganish asosida qo‘yiladi. Shifokor alomatlar qachon boshlangani, qancha davom etayotgani, nimalar bilan bog‘liqligi, uyqu va ish qobiliyatiga ta’sirini aniqlaydi. Zarur hollarda boshqa kasalliklarni istisno qilish uchun qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkaziladi.

Davolash mumkinmi?

Albatta. Nevrotik buzilishlarni samarali davolash imkoni bor. Davolash usuli bemorning holati, tashxisi va alomatlar og‘irligiga qarab tanlanadi.

Psixoterapiya, ayniqsa, kognitiv-xulq-atvor terapiyasi, xavotir va qo‘rquvni keltirib chiqaradigan fikrlar, hissiyotlar hamda xulq-atvorni anglash va boshqarishga yordam beradi. Bemor muammoli vaziyatlarga munosabatini o‘zgartirish, xavotirni yengish va o‘zini boshqarish ko‘nikmalarini o‘zlashtiradi.

Ayrim hollarda psixoterapiyaga qo‘shimcha ravishda dori vositalari ham buyuriladi. Bunda preparat va uning dozasi faqat shifokor tomonidan belgilanadi.

Shifoxonada bemorlarga qanday yordam ko‘rsatiladi?

Bemorlarga statsionar va ambulator tartibda tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Statsionar davolanish odatda ikki haftadan to‘rt haftagacha davom etadi. Ambulator davolash esa bemorning holati va davolash rejasiga qarab olti oygacha olib borilishi mumkin.

Davolash jarayonida psixiatr va tibbiy psixologlar ishtirok etadi. Zarur ko‘rsatmalar bo‘lganda boshqa mutaxassislar ham jalb qilinadi.

Shifoxonada kognitiv-xulq-atvor psixoterapiyasi, gipnoz usuli va dori vositalari bilan davolash qo‘llanadi. Ularni tanlashda bemorning individual holati va tibbiy ko‘rsatmalar hisobga olinadi.

Ruhiy salomatlikka befarq bo‘lmang!

Ruhiy zo‘riqish va doimiy xavotirni oddiy charchoq deb qabul qilish yoki bu haqda gapirishdan uyalish to‘g‘ri emas. Uyqu tartibiga rioya qilish, jismoniy faollikni oshirish, dam olishga vaqt ajratish ham ruhiy holatni yaxshilashga yordam beradi.

Eng muhimi, bezovta qiluvchi alomatlar uzoq davom etsa, o‘zboshimchalik bilan dori qabul qilmasdan, mutaxassisga murojaat qilish lozim. Ruhiy salomatlik ham jismoniy salomatlik kabi e’tibor va o‘z vaqtida yordamni talab qiladi.

Akmaljon O‘RMONJONOV,
Farg‘ona viloyati 2-sonli ruhiy kasalliklar shifoxonasi vrach psixiatr, psixoterapevti.