Oltiariqda go‘daklar o‘limi bo‘yicha xizmat tekshiruvi xulosasi muhokama qilindi

Oltiariq tumanida 2026 yilning 8 oyi davomida qayd etilgan go‘daklar o‘limi holatlari yuzasidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi xulosasi muhokama qilindi.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, joriy yilning 8 oyida tumanda go‘daklar o‘limi ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ko‘paygan.  Shuningdek, shu davrda tug‘ruqlar soni 4,3 foizga qisqargan.

Tahlillar go‘daklar o‘limida perinatal davr kasalliklari, nafas tizimi xastaliklari, tug‘ma nuqsonlar va boshqa kasalliklar asosiy o‘rin tutganini ko‘rsatgan. Ayrim holatlar baxtsiz hodisalar va yuqumli kasalliklar bilan bog‘liq bo‘lgan.

Xizmat tekshiruvi davomida go‘daklar o‘limi bilan bog‘liq holatlarda tibbiy xizmatni tashkil etish va aholi murojaatlariga oid qator kamchiliklar aniqlangan.

Jumladan, ayrim ota-onalar boladagi xavfli belgilarni o‘z vaqtida anglamagani, shifokor tavsiyalariga to‘liq amal qilmagani yoki bola kasal bo‘lganda davlat tibbiyot muassasasi o‘rniga xususiy shifokorlarga murojaat qilgani qayd etilgan. Ayrim holatlarda buning oqibatida bolalar shifoxonaga og‘ir ahvolda olib kelingan.

Homilador ayollarni antenatal patronaj bilan qamrab olish, xavf omillarini o‘z vaqtida aniqlash va 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar patronajini tashkil etishda ham kamchiliklar aniqlangan.

Prenatal skrining sifati bilan bog‘liq holatlar ham tahlil qilindi. Tug‘ma nuqson bilan tug‘ilgan bolalarning 57  foizida nuqsonlar homiladorlik davrida kech aniqlangan. Tumanda prenatal skrining uchun bitta UZI apparati mavjud bo‘lib, unda kuniga 50–70 nafar homilador ayol ko‘rikdan o‘tkazilayotgani qayd etilgan.

Shuningdek, tug‘ruqxonada og‘ir tug‘ilgan ayrim chaqaloqlarni erta uyga chiqarish, ularning holatini to‘liq baholamaslik, tibbiy kuzatuvdagi kamchiliklar ham tekshiruv xulosasida ko‘rsatilgan.

Muhokama yakunida bunday holatlarning oldini olish va go‘daklar o‘limini kamaytirish bo‘yicha qator takliflar bildirildi. Xususan, oila poliklinikalari oila shifokorlari, patronaj hamshiralari va doyalarni antenatal parvarish bo‘yicha qayta o‘qitish, prenatal skrining sifatini oshirish maqsadida tumanni qo‘shimcha UZI apparati bilan ta’minlash taklif etildi.

Shuningdek, bolalar bo‘limida chaqaloqlar postini alohida tashkil etish, “Onalar maktabi” faoliyatini kuchaytirish, onalarga bolalardagi xavfli belgilarni erta aniqlash va bola parvarishi bo‘yicha bilim berish, xavf guruhidagi chaqaloqlarni esa hududiy oila shifokori nazorati ostida uyiga chiqarishni yo‘lga qo‘yish belgilandi.

Muhokamada tuman hokimligi, prokuratura, ichki ishlar, xotin-qizlar va sog‘liqni saqlash tizimi vakillari hamda mazkur yo‘nalishga mas’ul soha xodimlari ishtirok etdi.

—————————