«Ba’zan kasbning o‘zi sizni tanlaydi»: mustaqillik tengdoshi Sarvarxon Yuldashov haqida

Sarvarxon Yuldashov 2016 yilda Toshkent tibbiyot akademiyasining «Davolash ishi» yo‘nalishini tamomlab, Qo‘shtepa tumanida umumiy amaliyot shifokori va tez tibbiy yordam bo‘limi chaqiruv vrachi bo‘lib ishlagan. 2019 yilda oftalmologiya bo‘yicha magistraturaga o‘qishga kirib, 2022 yilda shu mutaxassislikni egallagan.

Shu yildan beri u Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Farg‘ona filialida vrach-oftalmolog bo‘lib ishlaydi. Bugun 35 yoshli shifokorning tibbiyotdagi mehnat staji 10 yilga yetgan.

Sarvarxonning faoliyati klinik amaliyot bilan cheklanmaydi. U Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutining «Umumiy xirurgiya» kafedrasida assistent bo‘lib, talabalarga klinik fanlardan dars beradi. Xorijiy fakultet talabalariga mashg‘ulotlarni ingliz tilida olib boradi.

Sarvarxon 2023 yildan Toshkent tibbiyot akademiyasi tayanch doktoranti sifatida «Tireotoksikoz fonida ko‘z olmasining klinik-morfologik xususiyatlari» mavzusida tadqiqot olib bormoqda. Hozirda uning PhD dissertatsiyasi himoya bosqichida. Shu vaqtga qadar u 30 ta ilmiy maqola, 18 ta tezis, bir uslubiy tavsiyanoma va bir dasturiy guvohnoma muallifi bo‘lgan.

Sarvarxondan «Nega aynan oftalmologiyani tanlagansiz?» deb so‘raganmizda, u bu qarorni yillar o‘tib boshqacha anglaganini aytadi.

— Ba’zi kasblarni inson tanlamaydi. Ba’zan kasbning o‘zi sizni tanlaydi. Men oftalmologiyani tanlagan paytimda bu kasb ortida shunchalik katta mas’uliyat borligini hali to‘liq anglamagan ekanman. Yillar o‘tib tushundimki, biz shunchaki ko‘z bilan emas, insonning dunyoni qanday ko‘rishi bilan ishlaymiz.

Bemor shifokorga qarab, ba’zan qo‘rquv, ba’zan umid bilan «Men yana ko‘ra olamanmi?» degan savolni beradi.

— Davolash yoki operatsiyadan keyin bemorning atrofga qarab, dunyoni yana aniq ko‘rayotganini ko‘rish — men uchun eng katta mukofot. Ba’zan u hech nima demaydi, faqat jilmayadi. Shu tabassumning o‘zi yetarli, — deydi u.

Uning fikricha, ko‘rish faqat fiziologik funksiya emas.

«Ko‘rish — insonning hayot bilan bog‘lanishidir. Oftalmologiyada esa ba’zan insonga o‘z dunyosini qaytarishga yordam berasiz», — deydi Sarvarxon.

Sarvarxon o‘z sohasidagi yangi usullar va yondashuvlarni o‘rganish uchun xorijiy kurslar va kongresslarda ham qatnashib kelmoqda.

2024 yilda Hindistondagi «Sharp Sight» ko‘z shifoxonalari guruhi tashkil etgan klinik malaka oshirish kursini tamomlab, katarakta va vitreoretinal jarrohlik bo‘yicha o‘qidi.

Shuningdek, Ispaniyaning Barselona shahrida o‘tkazilgan 42-ESCRS kongressida ishtirok etdi. Unda qatnashgani va xalqaro akkreditatsiyadan o‘tganini tasdiqlovchi sertifikat oldi.

Yuldashov «International Ophthalmological Congress IOC Uzbekistan» kabi xalqaro tibbiy tadbirlarda ham ishtirok etgan.

Bu qiziqishining sababi, uning o‘zi ta’kidlaganidek, oftalmologiyada diagnostika va jarrohlik usullarining tez o‘zgarib borishida. Shuning uchun u shifokor uchun o‘qish va yangiliklarni kuzatish kasbning ajralmas qismi, deb hisoblaydi.