Yurakni shunchaki ko‘rish emas, uni tushunishga intilayotgan shifokor

1991 yil 14 fevral. O‘zbekiston hayotida yangi davr boshlanishi arafasida Umidjon Abdullayev dunyoga keldi. Bugun u mustaqillik tengdoshi bo‘lgan avlod vakili sifatida Farg‘ona tibbiyotida o‘z o‘rniga ega bo‘lib borayotgan shifokorlardan.

Ayni paytda Umidjon Abdullayev Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona filialida bo‘lib, tug‘ma yurak nuqsonlarini aniqlash, fetal va neonatal kardiologiya yo‘nalishida faoliyat yuritmoqda.

Oddiy oilada tarbiya topgan Umidjonning otasi tadbirkor, onasi uy bekasi. 2016 yilda shifokorlik kasbini tanlagan hamkasbi bilan oila qurdi. Ayni paytda ular ikki o‘g‘il va bir qiz farzandni tarbiyalamoqda. Turmush o‘rtog‘i ham shifokor — neonatolog.

Umidjon 2017 yilda Andijon tibbiyot institutini tamomlab, mehnat faoliyatini Farg‘ona viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida boshladi. Keyinchalik kardiologiya, ayniqsa, yurakning tug‘ma nuqsonlarini aniqlash yo‘nalishiga qiziqishi tobora ortdi.

— Menimcha, kardiologiyaga qiziqishimning asosiy sababi — yurakning o‘zi juda murakkab, shu bilan birga juda mantiqiy tizim ekanida, — deydi Umidjon.

U uchun bu sohadagi eng qiziqarli jihat faqat kasallikni aniqlash emas. Har bir belgi ortida qanday jarayon turganini, yurakdagi o‘zgarish qon aylanishiga qanday ta’sir qilayotganini anglash muhim. Chunki bu o‘zgarishlar keyinchalik bemor salomatligiga ham ta’sir qilishi mumkin.

Ayniqsa, exokardiografiya Umidjon uchun muhim tekshiruv usullaridan biri. Uning fikricha, monitordagi tasvirda shifokor shunchaki yurakni ko‘rmaydi — uning qanday ishlayotganini ham kuzatadi. Ba’zan bir necha millimetrlik o‘zgarish yoki qon oqimidagi kichik farq ham katta klinik ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.

Bugun Umidjon Abdullayev Farg‘ona viloyatida tug‘ma yurak nuqsonlarini aniqlash yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan mutaxassislardan biri. U skrining tekshiruvlarida ishtirok etib, ayniqsa, bolalar va chaqaloqlarda yurak nuqsonlarini erta aniqlashga hissa qo‘shmoqda.

Uning kasbiy qiziqishlari orasida fetal va neonatal kardiologiya, tug‘ma yurak nuqsonlari alohida o‘rin tutadi. Bu yo‘nalishda aniq xulosa juda muhim. Chunki aniqlangan har bir belgi keyingi davolash taktikasi, jumladan, kardioxirurg uchun zarur ma’lumotga aylanishi mumkin.

Tashxis bir taqdirni o‘zgartirganida

Umidjonning amaliyotida shunday voqealar borki, ularni oddiy ish kuni sifatida eslab bo‘lmaydi.

— Ta’sirli voqealar juda ko‘p. Lekin men uchun eng qadrlisi — homiladorlik davrida homilani to‘xtatishga ko‘rsatma bilan kelgan holatlar, — deydi u.

Bugun Umidjon o‘z ismini olgan to‘rt nafar bolani biladi. Ularning eng kattasi to‘rt yoshga kirgan. Bu bolalarning barchasida homiladorlik davrida jiddiy muammo aniqlangan va homilani to‘xtatish masalasi ko‘tarilgan.

Ammo chuqur tekshiruv va ishonchli xulosa vaziyatga boshqacha qarash imkonini bergan. Muammoning yechimi borligi va uni O‘zbekiston sharoitida ham davolash mumkinligi aniqlangan. Natijada avvalgi taktika o‘zgargan.

Bugun esa o‘sha bolalar hayot kechirmoqda.

— Allohim yuzimni yoriq qilganiga ming shukr, — deydi Umidjon.

Bu voqea shifokor uchun har bir xulosaning qanchalik katta mas’uliyat ekanini ko‘rsatadi. Ba’zan bir qaror butun bir oilaning keyingi hayotiga ta’sir qilishi mumkin. Shuning uchun bunday holatlarda har bir imkoniyatni sinchiklab o‘rganish, shoshmasdan va aniq xulosa qilish muhim.

Uning amaliyotida yana bir holat borki, u bu voqeani ham alohida eslaydi.

Kardioreanimatsiya jamoasi bilan og‘ir ahvoldagi bemor shoshilinch olib kelinadi. Birinchi yordam ko‘rsatiladi, har bir mutaxassis o‘z vazifasini bajaradi. Ammo vaqt o‘tishi bilan bemorning ahvoli yaxshilanish o‘rniga yanada og‘irlasha boshlaydi.

Shunda eng muhim savol tug‘iladi: nima bo‘lyapti? Nega bemor yaxshilanmayapti, aksincha, ahvoli yomonlashyapti?

Bunday vaziyatda tezkor instrumental tekshiruv katta ahamiyatga ega. Chunki shifokor ko‘rgan tasvir va bergan xulosa keyingi harakatlarni belgilashi mumkin.

— Bir lahzada xonadagi barcha nigohlar menga qaratilganini his qilaman. O‘sha paytda shifokor sifatida ichingizdan juda ko‘p narsa o‘tadi. Chunki bu oddiy tekshiruv emas. Siz bergan xulosa keyingi qarorni, keyingi harakatni, ba’zan esa bemorning hayotini belgilashi mumkin. Ichimda bitta fikr bo‘ladi: «Men hozir xato qilishga haqqim yo‘q», — deydi u.

Ana shunday vaziyatlarda Umidjon o‘z kasbining mohiyatini yanada chuqurroq his qiladi.

Bu kasbda o‘qish to‘xtamaydi

Umidjon bu kasbning yana bir murakkab jihatini — doimiy o‘qish va izlanish zaruratini alohida ta’kidlaydi.

— Kardiolog yurakni, nevrolog bosh miyani, ginekolog o‘z sohasining anatomiyasi va fiziologiyasini chuqur bilmasa, bu sohada ishlay olmaydi. Shu ma’noda, bu yo‘nalishda ishlaydigan mutaxassis keng bilimga ega bo‘lishga majbur, — deydi u.

Shuning uchun Umidjon asosan Yevropa standartlari va xalqaro tavsiyalar asosida ishlashga intiladi. Soha bo‘yicha yetakchi assotsiatsiyalar faoliyatini kuzatib boradi, ularning ekspertlari tayyorlagan ma’ruzalar, kurslar, ilmiy maqolalar va tezislarni muntazam o‘rganadi.

U uchun bir mavzuni bitta manba orqali o‘rganishning o‘zi yetarli emas. Turli ekspertlarning qarashlarini solishtirish, yangi tavsiyalarni amaliyot bilan taqqoslash — uning kasbiy izlanishlarining bir qismi.

— Shifokor uchun «men yetarlicha bilaman» degan nuqta bo‘lmasligi kerak. Chunki tibbiyotda o‘rganish tugagan joyda rivojlanish ham tugaydi, — deydi Umidjon.

Shifokor uchun eng katta mukofot

Bemorlar hayotidagi esda qolarli voqealar uning faoliyatida ko‘p. Ammo Umidjon uchun eng katta mukofot tashxis qo‘yilgan lahzaning o‘zi emas.

— Keyin bemor yoki uning yaqinlaridan kelgan birgina «rahmat» so‘zi men uchun juda qadrli. Menimcha, shifokor uchun eng katta mukofot — bemorning sog‘ayib, o‘z hayotiga qaytganini ko‘rish. Qolgan narsalar ikkinchi darajali, — deydi u.

Balki, uning kasbga munosabatini bir jumla bilan ifodalash mumkin: «Men yurakni shunchaki ko‘rishni emas, uni tushunishni xohlayman».

Chunki haqiqiy diagnostika — faqat ekranda nimanidir ko‘rish emas. Ko‘rilgan o‘zgarishning sababini anglash, uning bemor uchun ahamiyatini tushunish va eng muhimi, bu ma’lumotni to‘g‘ri qarorga aylantira olishdir.

Keyingi maqsad — ishonchli mutaxassis bo‘lish

Umidjonning kelajakdagi eng katta maqsadi ham shu kasbiy qarash bilan bog‘liq.

U o‘z yo‘nalishida shunchaki yaxshi mutaxassis bo‘lib qolishni emas, kuchli ekspert darajasiga yetishishni istaydi. Buning uchun chuqur ilmiy bilim, katta amaliy tajriba va zamonaviy texnologiyalarni birlashtirgan mutaxassis bo‘lishni maqsad qilgan.

Biroq uning rejalari faqat shaxsiy rivojlanish bilan cheklanmaydi. U O‘zbekistonda ushbu yo‘nalishni rivojlantirishga hissa qo‘shish, yosh mutaxassislarga bilim berish, diagnostika sifatini oshirish va bemorlarga imkon qadar erta va to‘g‘ri tashxis qo‘yilishiga xizmat qilishni istaydi.

Xorijiy tibbiy markazlarda stajirovka o‘tash ham uning rejalari orasida. Uning fikricha, kitob, ilmiy maqola va ma’ruzalardan olingan bilim juda muhim, ammo kuchli maktabda bevosita tajriba orttirish — butunlay boshqa daraja.

— Men uchun eng katta maqsad — bir kun kelib, «Bu holatda aynan shu mutaxassisga murojaat qilaylik, u eng murakkab vaziyatni ham tushunadi», degan ishonchga ega bo‘lish.

Mustaqillik tengdoshi Umidjon Abdullayevning kasbiy yo‘li ham shu maqsad sari davom etmoqda.