28 iyul — Xalqaro gepatitga qarshi kurash kuni munosabati bilan Farg‘ona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida davra suhbati va amaliy tadbirlar tashkil etildi. Tadbirda virusli gepatitlarning oldini olish, erta aniqlash va davolash masalalari muhokama qilindi. Mutaxassislar keltirgan raqamlar esa gepatitga qarshi kurash nafaqat profilaktika, balki yashirin kechayotgan kasalliklarni aniqlashda ham muhim ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatdi.
Viloyatda 2026 yilning birinchi yarmida virusli gepatit V va S ni aniqlash maqsadida 53 100 nafar fuqaro ekspress testdan o‘tkazildi. Natijada 1 613 nafarda gepatit V, 1 310 nafarda gepatit S virusi aniqlandi. Demak, yarim yil ichida 2 923 nafar fuqaroda virusli gepatit qayd etilgan.

Bu raqamlar gepatitning ko‘p hollarda simptomsiz kechishi va fuqarolarning kasallik haqida kech xabardor bo‘lishini inobatga olganda, ommaviy tekshiruvlarning ahamiyatini yanada oshiradi. Tadbirda ham aynan erta tashxis qo‘yish, aholini muntazam tekshiruvdan o‘tkazish va kasallikni boshlang‘ich bosqichda aniqlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Aniqlangan bemorlarni davolash bo‘yicha ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Hisobot davrida 670 nafar bemorga gepatit S virusiga qarshi 1 586 quti dori vositasi ajratildi. Bu esa erta tashxis qo‘yilgan bemorlarni davolash bilan qamrab olish darajasi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
2026 yilning birinchi yarmida viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonalari va bo‘limlarida 21 038 nafar bemor davolangan, shundan 11 583 nafari bolalardir.

Mutaxassislar fikricha, ayniqsa ichak infeksiyalari va virusli gepatitlar bo‘yicha profilaktika ishlarini kuchaytirish muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
So‘nggi yillarda yuqumli kasalliklar xizmati infratuzilmasini yangilash ishlari ham amalga oshirildi. Bog‘dod tumanidagi 50 o‘rinli, Quva tumanidagi 60 o‘rinli yuqumli kasalliklar muassasalari rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Uchko‘prik va O‘zbekiston tumanlaridagi yuqumli kasalliklar bo‘limlarini yangilash bo‘yicha ham rejalar shakllantirilgan.
Shu bilan birga, xizmatda raqamlashtirish jarayonlari jadallashtirildi. 2026 yil 1 iyuldan boshlab viloyatning barcha shahar va tuman yuqumli kasalliklar shifoxonalari hamda bo‘limlari DMED yagona axborot tizimiga bosqichma-bosqich integratsiya qilindi. Bu bemorlarni hisobga olish, tashxis va davolash jarayonlarini elektron shaklda yuritish imkonini kengaytirmoqda.
Hisobot davrida viloyatning 13 ta shahar va tumanida yuqumli kasalliklarning oldini olish, erta aniqlash va davolash bo‘yicha seminarlar, master-klasslar va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Oilaviy shifokorlar va infeksionistlar uchun o‘quv tadbirlari o‘tkazilib, aholi o‘rtasida gepatit, meningit, o‘tkir diareya va botulizm profilaktikasi bo‘yicha targ‘ibot ishlari kuchaytirildi.
Xalqaro gepatitga qarshi kurash kuni doirasida OAV vakillari shifoxona qoshidagi gepatologik markaz faoliyati bilan ham tanishdi. Markazda bemorlar uchun kutish zali, fitobar, zamonaviy diagnostik xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 50 dan ortiq turdagi tahlillar o‘tkazish imkoniyati mavjud.
Farg‘ona viloyatida virusli gepatitga qarshi kurashda asosiy e’tibor erta tashxis qo‘yish, bepul davolash imkoniyatlarini kengaytirish va yuqumli kasalliklar xizmatini raqamlashtirishga qaratilgan. Yarim yilda qariyb 3 ming nafar fuqaroda virusli gepatit aniqlangani bu kasallikka qarshi tizimli kurashni davom ettirish zarurligini ko‘rsatadi.