Uydan chiqmasdan shifokor qabuliga navbat olish mumkin

Kecha poliklinikamizga kelgan bemorlardan biri shifokor huzuriga uyidan turib navbat olgan edi. U poliklinikaga belgilangan vaqtda keldi va qabul jarayoni ortiqcha kutishsiz tashkil etildi. Bu — raqamli tibbiyot tizimi yaratayotgan eng oddiy, ammo muhim qulayliklardan biri.

Men Farg‘ona shahri 9-oilaviy poliklinikasining 7-brigadasi oilaviy shifokori sifatida qariyb 2 884 nafar aholiga tibbiy xizmat ko‘rsataman. Kunimiz odatda 30–40 nafar bemorni qabul qilish, ularni ko‘rikdan o‘tkazish, tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha tavsiyalar berish bilan o‘tadi.

So‘nggi yillarda poliklinikamizda DMED tizimi to‘liq joriy etildi. Bu o‘zgarishlarni har kuni amaliyotda ko‘ryapmiz. Ilgari bemor poliklinikaga kelgach, ambulator kartasini topish, hujjatlarni rasmiylashtirish va qabul jarayonini tashkil etishga ma’lum vaqt sarflanardi. Hozir esa bemor haqidagi ma’lumotlar elektron shaklda saqlanadi va zarur ma’lumotlarni tezkor ko‘rish imkoniyati mavjud.

Menimcha, DMEDning eng katta afzalligi — aholi uchun yaratilgan qulaylikdir. Endi uydan chiqmasdan turib shifokor qabuliga navbat olish mumkin. Bu, ayniqsa, yoshi katta insonlar, bolali onalar va ish bilan band fuqarolar uchun juda muhim imkoniyat. Ambulator kartani qidirishga hojat qolmaydi, qabul jarayoni ancha tez tashkil etiladi. Bu shifokorning ham, bemorning ham vaqtini tejaydi.

Men kuzatayotgan yana bir ijobiy holat — aholi asta-sekin raqamli xizmatlarga ko‘nikib borayotganidir. Ko‘pchilik elektron navbat tizimidan foydalanib, poliklinikada uzoq kutishning oldini olmoqda.

Biroq hali ham ayrim fuqarolar mobil ilova orqali mustaqil navbat olishni bilmaydi. Ular shifokoriga qo‘ng‘iroq qilib navbatga yozdirib qo‘yishni so‘raydi yoki poliklinikaga kelib elektron navbat oladi. Aslida esa mobil ilovadan foydalanish juda oddiy va bir necha daqiqa vaqt oladi.

Albatta, bemorlarimni navbatga yozdirib qo‘yaman. Chunki men uchun eng muhimi — ularning sog‘lig‘i. Har bir bemorga imkon qadar yengillik yaratishga, ularni ortiqcha ovora qilmaslikka harakat qilaman. Shu bilan birga, ularni DMED mobil ilovasidan mustaqil foydalanishga ham o‘rgatib boramiz.

Shifokor sifatida men uchun eng muhimi — bemorga ko‘proq vaqt ajratish. Agar navbat olish va hujjatlar bilan bog‘liq jarayonlar raqamli tizim orqali tez bajarilsa, shifokor ham bemor bilan sifatli muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

DMED orqali shifokor qabuliga navbat olishning 3 qadami

  1. DMED mobil ilovasini oching.
  2. Poliklinika va shifokorni tanlang.
  3. O‘zingizga qulay sana va vaqtni belgilab, navbatni tasdiqlang.

Bu bir necha daqiqa vaqt oladi va poliklinikaga kelib navbat kutish zaruratini kamaytiradi.

Men barcha fuqarolarni DMED platformasi va uning mobil ilovasidan faol foydalanishga chaqiraman. Raqamli xizmatlardan foydalanish — bu nafaqat zamonaviy imkoniyat, balki o‘z vaqti va salomatligini qadrlash hamdir.

Nilufar O‘RINOVA,
Farg‘ona shahri 9-oilaviy poliklinikasi
7-brigada oilaviy shifokori.