Oliy toifali travmatolog Sodiqjon Tillaboyev 2011 yildan buyon Furqat tumani aholisi salomatligini muhofaza qilish va ularga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishda samarali mehnat qilib kelayotgan yuqori malakali shifokorlardan biridir.
2023 yildan Furqat tumani tibbiyot birlashmasi qabul-diagnostika bo‘limi xirurgi lavozimida ishlab kelayotgan S.Tillaboyev 1983 yilda Furqat tumanida, ziyoli oilada tug‘ilib, kamol topdi. U o‘zi tug‘ilib o‘sgan tumanidagi 1-maktab-internatni a’lo baholar bilan tamomlab, 2001 yilda Toshkent pediatriya tibbiyot instituti talabasi bo‘ldi. Jonkuyar, fidoyi, xalq salomatligini barcha narsadan ustun ko‘radigan insongina mas’uliyatli kasb – shifokorlikni tanlaydi. Ha, Sodiqjon akada ham bolaligidan ana shu xislatlar mujassam edi. Shifokorlik sohasining sir-sinoatini ham o‘qishda, ham amaliyot jarayonlarida puxta o‘rgangan qahramonimiz 2008-2011 yillarda Toshkent pediatriya tibbiyot instituti magistratura bosqichida o‘qishni davom ettiradi. U mehnat faoliyatini 2011 yilda Furqat tumani tibbiyot birlashmasi shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limida bolalar xirurgi sifatida boshlaydi. Ustozlari – professorlar Nasriddin Ergashev, Habibullo Akilov, tibbiyot fanlari doktori Jamoliddin Sattarovlarning maslahat va ko‘rsatmalari, bilim, tajribalariga tayanib, ish olib bordi. – Ustozlarim “Har qanday vaziyatda ham insonlarga foydang tegsin. Ana o‘shanda hamkasblaring orasida hurmat, jamiyatda esa o‘z o‘rningni topasan”, deb ko‘p ta’kidlashar edi. Bu o‘gitning nechog‘li haqiqat ekaniga bir necha yillik ish tajribam misolida guvoh bo‘lib kelyapman. Bemorlar darddan forig‘ bo‘lib, minnatdorchilik bildirsa, xursand bo‘laman. Shunday kezlarda sharafli va mashaqqatli kasb sohibi – shifokor bo‘lganimdan qalbim quvonchga to‘ladi, chin ma’noda faxrlanaman, – deydi u.

S.Tillaboyev 2017-2018 yillarda Furqat tumani tibbiyot birlashmasi davolash ishlari bo‘yicha boshliq o‘rinbosari, 2018-2023 yillarda tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limi xirurgi, 2023 yildan esa mazkur tibbiyot birlashma sida qabul-diagnostika bo‘limi xirurgi lavozimida ishlab kelmoqda. Hamkasblari uni tajribali rahbar, mehrli inson deb bilsa, uni tanigan-bilganlar, undan shifo topganlar esa doimo yordam qo‘lini cho‘zuvchi olijanob shifokor sifatida ta’riflashadi.
– Sodiqjon Tillaboyev bilan anchadan buyon bir jamoada ishlab kelyapmiz, – deydi hamkasblaridan biri Umidjon Olimjonov. – Tabiatan to‘g‘riso‘z, kamtar bu inson kezi kelganda hamkasblaridan ham o‘z yordamini ayamaydi. Aholi salomatligi va tinchligini o‘ylab, tinim bilmaydi. U doimo o‘z ustida ishlaydi, yangilikka intiladi. Undan o‘rnak oladigan, o‘rganadigan jihatlar juda ko‘p. Shuni alohida e’tirof etish joizki, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, aholi salomatligini ishonchli muhofaza qilish borasidagi ko‘p yillik samarali mehnati hisobga olinib, tibbiyot xodimlari kuni arafasida Sodiqjon Tillaboyev Prezidentimizning tegishli farmoniga ko‘ra, “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
– Kamtarona mehnatlarim hurmatli Prezidentimiz va xalqimiz tomonidan e’tiborga olinishini katta ishonch va mas’uliyat deb bilaman, – deydi Sodiqjon Tillaboyev. – Albatta, bundan xursandman. Bildirilgan ushbu ishonch va e’tirof meni yanada fidoyilik bilan ishlashga undaydi. Darhaqiqat, keyingi yillarda tibbiyot sohasida ham juda katta o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Nafaqat tibbiy xizmat, tibbiy madaniyat, balki aholiga ko‘rsatilayotgan yuqori texnologik muolaja hamda amaliyotlarning sifati va turi ham ortib bormoqda. Bu esa nafaqat yurtimiz aholisiga, balki qo‘shni davlatlar fuqarolarining yurtimizga kelib, tibbiy xizmatdan foydalanishlarida ham kuzatilmoqda.

Men jarroh sifatida shuni ayta olamanki, kam ta’sirli jarrohlik amaliyotlari ilgari faqat poytaxtimiz – Toshkentda amalga oshirilgan bo‘lsa, keyinchalik viloyat markazlarida, bugun esa tuman markazlarida ham olib borilmoqda. Bugun o‘zim faoliyat olib borayotgan tuman tibbiyot birlashmasida ham hech qaysi marka ziy shifoxonalardan kam bo‘lmagan tibbiy xizmatni ko‘rsatyapmiz. Bu ham bo‘lsa, Prezidentimizning sohaga qaratayotgan e’tibori va biz, tibbiyot xodimlariga bildirayotgan ishonchi, deb hisoblayman. Yurtimizda Sodiqjon Tillaboyev kabi bilimdon, fidoyi shifokorlar ko‘payaversin!
Alisher Shokirov.