Zamonaviy tibbiy xizmatni xalqqa yaqinlashtirish yo‘lida

Qo‘qonda tumanlararo shoshilinch tibbiy yordam shifoxonasida yaqin yillargacha eski binoda o‘z xizmat davrini allaqachon o‘tab bo‘lgan uskunalar yordamida tibbiy xizmatlar ko‘rsatilar edi. Endilikda bu yerda eng zamonaviy va innovatsion jihozlar asosida yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini ham amalga oshirish mumkin.

Shifoxona qoshida 42 o‘rinli tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon tomir kasalliklari markazi tashkil etildi hamda yangidan jihozlandi.

– Bu yerda Qo‘qon shahri, O‘zbekiston, Dang‘ara, Uchko‘prik, Furqat, Beshariq tumanlari aholisiga tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatiladi, – deydi shifoxona bosh shifokori Bahodir Nazirov. – Markazda tor doiradagi mutaxassislar ko‘rigi hamda UTT, rentgen, EKG, MSKT, laboratoriya diagnostika xizmatlari yo‘lga qo‘yildi.

Zamonaviy qulayliklar tufayli birgina joriy yilning o‘tgan davrida shifo maskanida yuzga yaqin murakkab hamda 1 ming 227 ta yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Ayniqsa, ilk bor buyrak ko‘chirish jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirilganini ta’kidlamoq joizdir.

Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA