Yil yakunida ijobiy natijalarni e’tirof etib, amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, kelgusi muvaffaqiyatlarning muhim omilidir. Shu maqsadda Respublika tez tibbiy yordam markazi Farg‘ona filialida “Yil sarhisobi” tadbiri o‘tkazildi.
So‘zga chiqqan filial direktori Bahromjon Toshboltayev ana shu jihatlarga alohida e’tibor qaratdi. U 2024 yil davomida tizimda jamoa sa’y-harakatlari bilan bir qator ijobiy natijalarga erishilgani, bemorlarga tezkor va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada yaxshilashga erishilganini ta’kidladi hamda kelgusi yilda amalga oshirish rejasiga kiritilgan vazifalar yuzasidan taqdimot o‘tkazdi.


Tadbirning yana bir esda qolarli lahzalari joriy yilda o‘ziga yuklatilgan vazifalarni a’lo darajada bajargan va bu bilan tizimda erishilgan yutuqlarga o‘z hissasini qo‘shgan bir qator tez tibbiy yordam xodimlari markazning faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.


Shuningdek, «Yilning eng yaxshilari» tanlovida ishtirok etib, g‘olib bo‘lgan tez tibbiy yordam stansiyasi xodimlariga alohida sovrinlar topshirildi. Unda Uchko‘prik tumanidan Farxodjon Akramov –“Yilning eng yaxshi shifokori”, Oltiariq tumanidan Rohatoy Sattorova –“Yilning eng yaxshi hamshirasi”, Dang‘ara tumani xodimi Dilafruzxon Turg‘unova – “Yilning eng yaxshi dispetcheri”, Yozyovon tumanidan Xavasxon Omonova – “Yilning eng yaxshi kichik tibbiy xodimi” va O‘zbekiston tumani xodimi Almatboy Mamadaliyev – “Yilning eng yaxshi haydovchisi” nominatsiyalari bilan munosib e’tirof etildi.

Markaz rahbariyati tomonidan brigada hamshiralarining xizmati ham e’tibordan chetda qoldirilmadi. Mazkur quvonchli kunga tashkilot Kasaba uyushma qo‘mitasi va O‘zbekiston hamshiralar assotsiatsiyasi Farg‘ona viloyat bo‘linmasi hamkorlik qilishdi.