Nurga eltuvchi islohotlar

Ko‘rish qobiliyati inson uchun eng bebaho ne’matlardan biri. Uni asrash va tiklash esa zamonaviy tibbiyotning eng muhim vazifalaridan. Bugun Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona filialida aynan shu maqsad yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Filial 100 o‘rinli statsionar va kuniga 250 nafar bemorni qabul qilish quvvatiga ega poliklinika orqali minglab fuqarolarga malakali oftalmologik yordam ko‘rsatmoqda. Bu yerda tajribali shifokorlar tomonidan katarakta, glaukoma, to‘r parda va shox parda kasalliklari davolanib, ko‘rish qobiliyatini tiklashga qaratilgan yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda.

Eng muhimi, tashxis qo‘yishda zamon bilan hamnafas texnologiyalardan foydalanilmoqda. Optik kogerent tomografiya (OKT), fundus kamera, IOL Master, kontaktsiz tonometr va boshqa zamonaviy uskunalar kasallikni erta bosqichda aniqlash hamda aniq tashxis qo‘yish imkonini yaratadi.

Filialda raqamli tibbiyot tizimi ham izchil joriy etilgan. DMED platformasi, zamonaviy kompyuter texnikasi va raqamli qurilmalar shifokorlar ishini yengillashtirib, bemorlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirmoqda.

Bugungi islohotlarning eng katta natijasi raqamlarda emas, balki o‘z vaqtida tashxis qo‘yilib, ko‘rish qobiliyati saqlab qolingan insonlar taqdirida namoyon bo‘lmoqda. Zero, tibbiyotdagi har bir yangilanishning bosh maqsadi bitta — inson qadrini ulug‘lash va har bir bemorga sifatli, qulay hamda zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatishdir.