Farg‘onada mintaqadagi eng yirik tibbiy klasterlardan biri shakllanmoqda

Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tashrif buyurgan O‘zbekiston–Saudiya Ishbilarmonlar kengashi hamraisi, ACWA Power raisi Muhammad Abunayyan hamda Vision International Investment Company prezidenti va bosh ijro etuvchi direktori Omar Al-Midani boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini jadallashtirish hamda sog‘liqni saqlash sohasidagi strategik tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq Farg‘ona viloyatida davlat-xususiy sheriklik asosida 800 o‘rinli zamonaviy ko‘p tarmoqli shifoxona barpo etish rejalashtirilgan. Loyiha doirasida vazirlik hamda tanlov g‘olibi bo‘lgan xususiy sherik — “Vision International Investment Company” va KOS Construction Mekanik Elektrik Fe LLC konsorsiumi o‘rtasida bitim imzolangan.

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ham mazkur forum doirasida Omar Al-Midani boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashib, hududda ushbu yirik shifoxona qurilishi hamda unga tutash hududlarda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi.

Loyiha doirasida 800 o‘rinli zamonaviy tibbiyot muassasasi xalqaro standartlar asosida barpo etilib, eng zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi va uzoq muddatli texnik xizmat ko‘rsatish tizimi joriy etiladi. Shuningdek, beshta mavjud ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari filiallari yagona kompleksga birlashtiriladi.

Yangi tibbiyot majmuasi Farg‘ona vodiysi va qo‘shni hududlar aholisiga kardiojarrohlik, neyrojarrohlik, a’zolar transplantatsiyasi, nefrologiya va ortopediya kabi yo‘nalishlarda yuqori texnologiyali tibbiy xizmat ko‘rsatish imkonini yaratadi. Shu bilan birga, 160 o‘rinli intensiv terapiya va shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlari hamda barcha zarur klinik xizmatlar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Loyiha doirasida tibbiy ta’lim, fan va amaliyotni uyg‘unlashtiruvchi “Fergana Plus” tibbiy ta’lim klasteri ham barpo etiladi. Uning tarkibida hamshiralar tayyorlash maktabi, tibbiyot universiteti va mehmonxona qurilishi rejalashtirilgan.

Ushbu yirik davlat-xususiy sheriklik loyihasining umumiy qiymati qariyb 300 million AQSh dollarini tashkil etadi. U Markaziy Osiyodagi eng yirik zamonaviy sog‘liqni saqlash infratuzilma loyihalaridan biri bo‘lishi kutilmoqda.

Uchrashuvlar yakunida tomonlar loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, shuningdek, yangi tashabbuslar bo‘yicha alohida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish va amaliy ishlarni boshlash yuzasidan kelishuvga erishdilar.