Poytaxtimizdagi muhtasham «JW Marriott Tashkent» mehmonxonasi tibbiyot olamining eng yirik va nufuzli anjumanlaridan biriga mezbonlik qildi. Yurtimizda tibbiyot ilm-fanini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida IV Xalqaro endokrinologlar kongressi («To‘raqulov o‘qishlari — 2026») bo‘lib o‘tdi.
Dunyo tibbiyoti eli Toshkentda yig‘ildi
«Chegarasiz endokrinologiya: ilm-fan, innovatsiyalar va klinik amaliyot» shiori ostida o‘tayotgan ushbu yirik anjuman Akademik Yo.X. To‘raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan tashkil etildi. Anjumanda O‘zbekiston olimlari bilan bir qatorda AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Finlyandiya va Qatar kabi dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan kelgan yetakchi ekspertlar va shifokorlar jam bo‘lishdi.
Kongressning eng hayajonli lahzalaridan biri — Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Respublika Endokrinologiya markaziga xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tganlik to‘g‘risidagi yuksak sertifikatning topshirilishi bo‘ldi. Bu o‘zbek tibbiyotining xalqaro maydondagi yana bir katta e’tirofidir.


Ilm-fan va amaliyot uyg‘unligi
Tadbirda bolalar endokrinologiyasi, qalqonsimon bez kasalliklari, semizlik hamda qandli diabetning og‘ir asoratlarini oldini olish kabi dolzarb mavzular o‘rtaga tashlandi. Ayniqsa, Qatarning «Sidra Medicine» tibbiyot markazi professori Xalid Xusseynning bolalardagi kamyob (monogen) kasalliklarni genetik diagnostika qilish va zamonaviy target terapiyasini qo‘llash haqidagi ma’ruzasi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Kasallik ustidan qozonilgan g‘alaba: Sahnada chinakam qahramon!
Anjumanning eng ta’sirli va ramziy voqeasi esa insoniy iroda va jasoratning yuksak e’tirofi bo‘ldi. Tadbir doirasida yurtdoshimiz farg‘onalik Foziljon Mashrapov alohida hurmat-ehtirom bilan sahnaga taklif etildi.
Unga «Rossiya diabetik assotsiatsiyasi» (RDA) tomonidan ta’sis etilgan, buyuk shifokor Aleksandr Mayorov nomidagi «Qandli diabet bilan o‘tgan 50 jasoratli yil uchun» maxsus medali va xalqaro Sertifikati topshirildi.
Qandli diabetning 1-tipi (insulinga qaram) bilan yarim asr — 50 yil davomida shifokorlar tavsiyasiga qat’iy amal qilib, sog‘lom va to‘laqonli hayot kechirish chinakam matonat namunasidir. Fazil akaning ushbu mukofoti diabet hukm emas, balki to‘g‘ri turmush tarzi orqali yengish mumkin bo‘lgan holat ekanligini butun dunyoga yana bir bor isbotladi. Zaldagi yuzlab shifokor va olimlar ushbu iroda egasini tik turib, davomli qarsaklar bilan olqishladilar.
Anjuman o‘z ishini davom ettirdi. Ushbu kongress doirasida shifokorlar uchun «Xalqaro osteoporoz maktabi» (IOF) ham tashkil etilib, unda soha mutaxassislari o‘z malakalarini oshirdilar.
———-