Farg‘onada yana bir «Sog‘liqni saqlash bog‘i» barpo etildi

«Yashil makon» loyihasi doirasida Farg‘onadagi yana bir tibbiyot muassasasi hududi yashillikka burkandi.

Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona filialida tashkil etilgan ko‘chat ekish tadbirida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari, davolash muassasalari rahbarlari va xodimlari qatnashdi. Bu yerda 300 dan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari hamda gullar ekildi. Shu tariqa filial hududida ramziy «Sog‘liqni saqlash bog‘i» tashkil etildi.

—Bugungi tadbirni oddiy ko‘chat ekish aksiyasi sifatida emas, balki inson salomatligi va atrof-muhit o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglashga qaratilgan tashabbus sifatida baholayman, — deydi shifoxona rahbari Kamoliddin Rahmonov. — Chunki shifoxonaga inson darddan xalos bo‘lish, salomatligini tiklash uchun keladi. Uning atrofidagi muhit ham davolanish jarayonida muhim o‘rin tutadi. Yashil hudud, daraxtlar soyasi, gullar nafaqat bemorlar, balki bu yerda mehnat qilayotgan shifokorlar va xodimlar uchun ham qulay, fayzli muhit yaratadi. 

O‘zbekiston Ekologik partiyasi a’zosi sifatida tabiatga ehtiyotkor munosabat, yashil hududlarni kengaytirish va ekologik madaniyatni oshirish har birimizning kundalik hayotimizga singishi kerak, deb hisoblayman. Bugun filialimiz hududida 300 dan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari, gullar ekildi.

Ammo ish faqat ko‘chat ekish bilan tugamaydi. Ularni asrab-avaylash, sug‘orish, parvarishlash va ko‘karib, soya-salqin maskanga aylanishini ta’minlash ham muhim. Umid qilamizki, bu bog‘ yillar davomida bemorlar va tibbiyot xodimlari uchun go‘zal maskan bo‘lib xizmat qiladi.

Eng muhimi, bunday tashabbuslar boshqa tibbiyot muassasalarida ham davom etib, yashil va sog‘lom muhit yaratish umumiy maqsadimizga aylanadi.

Tashabbus viloyatning boshqa tibbiyot muassasalarida ham davom etadi.