Farg‘onalik Foziljon Mashrapov qandli diabet bilan kechgan hayoti, sabr-matonati va yillar davomida orttirgan tajribasi haqida so‘zlab berdi.
Foziljon aka qandli diabet tashxisi bilan 1966 yilda, harbiy xizmatni o‘tayotgan paytida tanishgan. Xizmat davomida o‘zini yomon his qilgan yigit tibbiy tekshiruvdan so‘ng umr bo‘yi e’tibor va intizom talab qiladigan kasallik bilan yashashiga to‘g‘ri kelishini bildi.
— Otam ham shu kasallik sabab 48 yoshida vafot etgan. Meni xolam davolagan. U o‘z tajribasiga tayanib, turli giyohlardan foydalangan, — deydi Foziljon aka.
Keyinchalik u shifokor Aleksandr Mayorov qo‘lida ham davolangan. Ustoz shifokorning bir gapi haligacha yodida: «Bunday intizomli bemorni birinchi marta ko‘rishim». Bu ta’rif Foziljon akaning kasallikka munosabatini ham ifodalaydi.
Uning aytishicha, qandli diabet bilan yashash oson bo‘lmagan. Bu kurashni u «yo sen meni, yo men seni» degan ibora bilan ta’riflaydi. Kasallik bilan yashash uchun doimiy intizom, parhezga rioya qilish va o‘z salomatligiga e’tiborli bo‘lish talab etiladi.
Yillar davomida tibbiyotda ham katta o‘zgarishlar yuz berdi. Foziljon akaning eslashicha, ilgari qondagi qand miqdorini mustaqil o‘lchash imkonini beruvchi glyukometrlar bo‘lmagan. U har olti oyda shifokorlar ko‘rigidan o‘tib, davolangan. Bugun esa bemorlarda qondagi qand miqdorini muntazam kuzatib borish imkoniyati bor.
Foziljon akaning hayoti faqat kasallik bilan kurashdan iborat emas. U besh o‘g‘il va bir qiz tarbiyalagan. Barcha farzandlari oliy ma’lumotli. Bugun o‘n nafar nabirasi va ikki nafar chevarasi bor. Oilasi qurshovidagi bugungi hayotida yillar davomida to‘plagan tajribasi ham muhim o‘rin tutadi.
Qandli diabet bilan yashayotgan insonlarga Foziljon akaning maslahati oddiy, ammo qat’iy:
— Hech qachon taslim bo‘lmaslik kerak. Doimo harakatda bo‘lish va parhezga qat’iy rioya qilish lozim. Qondagi qand miqdorini och qoringa va uxlashdan oldin o‘lchab turish ham zarur.
Xabaringiz bor, farg‘onalik Foziljon Mashrapov qandli diabetning 1-tipi bilan 50 yildan buyon yashab kelmoqda. U shifokorlar tavsiyalariga amal qilib, to‘laqonli hayot kechirib kelayotgani bilan e’tiborga sazovor. Unga Rossiya diabetiklar assotsiatsiyasi tomonidan ta’sis etilgan, shifokor Aleksandr Mayorov nomidagi «Qandli diabet bilan o‘tgan 50 jasoratli yil uchun» maxsus medali va xalqaro sertifikat topshirildi.
———-