Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona filialida navbatdagi mahorat darsi o‘tkazildi.
Unda Respublika urologiya markazining yetakchi va tajribali amaliyotchi xirurgi Ilhom Salimov ishtirokida 53 yoshli bemorda uretra sohasidagi torayishni bartaraf etishga qaratilgan rekonstruktiv bukkal uretroplastika amaliyoti bajarildi.
Murakkab jarrohlik amaliyoti filial mutaxassislari ishtirokida amaliy tarzda o‘tkazilib, ularga zamonaviy rekonstruktiv urologiyaning samarali usullari bo‘yicha tajriba almashish imkoni yaratildi.
— Bugungi asosiy maqsadlarimizdan biri — murakkab va yuqori texnologik rekonstruktiv jarrohlik amaliyotlarini viloyat hamda tumanlar sharoitida ham yo‘lga qo‘yish. Bu, avvalo, bemorlarga uzoq yo‘l bosib respublika markazlariga borish zaruratini kamaytiradi va ularga joylarda malakali tibbiy yordam ko‘rsatish imkonini kengaytiradi, — dedi Ilhom Salimov.
———-
Uretra torayishi nima va u qanday davolanadi?
Siydik chiqarish bilan bog‘liq ayrim muammolar oddiy bezovtalikdek ko‘rinishi mumkin. Ammo siydik oqimining susayishi, siydik chiqarishda qiyinchilik yoki qovuq to‘liq bo‘shamagandek tuyg‘u ba’zan uretradagi torayish bilan bog‘liq bo‘ladi.
Uretral striktura — siydik chiqarish kanali, ya’ni uretraning bir qismi chandiqlanib, torg‘ayishi bilan kechadigan holat. Uretra torg‘ayganda siydik oqimi susayishi yoki uzilib-uzilib chiqishi, siydik chiqarishga zo‘riqish va qovuqni to‘liq bo‘shatishda qiyinchilik kuzatilishi mumkin. Ayrim bemorlarda siydik yo‘llari infeksiyalari ham takrorlanishi ehtimoli bor.
Ayollarda uretral striktura kamroq uchraydi. Shu sababli uni aniqlash va boshqa siydik yo‘llari muammolaridan farqlash muhim. Holatning sababi har doim ham aniq bo‘lavermaydi. Tibbiy amaliyotda uretraga qilingan ayrim muolaja va aralashuvlar, kateterizatsiya, jarohat yoki chandiqlanish jarayonlari sabab omillar qatorida qaraladi.
Kasallikni aniqlash uchun shifokor bemorning shikoyatlari va anamnezini o‘rganadi, zarur hollarda siydik chiqarish jarayonini baholash, endoskopik tekshiruv va boshqa diagnostik usullardan foydalanadi.

Davolash usuli torayishning joylashuvi, uzunligi, og‘irligi va bemorning holatiga qarab tanlanadi. Ayrim holatlarda endoskopik usullar qo‘llansa, murakkab yoki takroriy holatlarda rekonstruktiv jarrohlik amaliyoti talab qilinishi mumkin. Ayollarda ham klinik jihatdan mos bemorlarda uretroplastika samarali davolash usullaridan biri sifatida qaraladi.
Profilaktika haqida nima deyish mumkin?
Uretral strikturaning barcha holatlarini oldini olishning kafolatlangan usuli mavjud emas. Shu bilan birga, uretraga jarohat yetkazishi mumkin bo‘lgan holatlardan ehtiyot bo‘lish, tibbiy muolajalar zarur bo‘lganda ularni malakali mutaxassis tomonidan bajarilishini ta’minlash muhim.
Eng asosiysi, siydik chiqarishdagi o‘zgarishlarni e’tiborsiz qoldirmaslik kerak. Siydik oqimi sezilarli susaysa, chiqarish qiyinlashsa, og‘riq yoki qayta-qayta infeksiya kuzatilsa, urologga murojaat qilish tashxisni erta aniqlash va tegishli davolashni boshlashga yordam beradi.
——————————