Infarkt va insultda «oltin vaqt»ni boy bermaslik uchun yangi marshrutlar ishlab chiqilmoqda

Farg‘ona viloyatida infarkt va insult bilan og‘riganlarga shoshilinch yordam ko‘rsatish, ularni zarur imkoniyatlarga ega shifoxonalarga tez yetkazish bo‘yicha yangi yondashuvlar ko‘rib chiqilmoqda. Ayni masalalar Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Xurshid Fozilov ishtirokida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasida mas’ul rahbarlar bilan muhokama qilindi.

Asosiy e’tibor bemorni tez aniqlash, uning holatini joyida baholash, birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish va eng muhimi, vaqtni boy bermasdan to‘g‘ri maxsus jixozlangan shifoxonaga yo‘naltirishga qaratildi.

marshrut_3
marshrut
marshrut_1
marshrut_2

EKG natijasi 103 Call markazidagi maslahatchi kardiolog shifokorga onlayn yetkaziladi. Viloyatda o‘tkir yurak xuruji bilan bemorlarga yordam ko‘rsatishda EKG-telemetriya tizimidan ham foydalanilmoqda. Loyiha 2024 yil 1 oktyabrdan amalga oshirila boshlangan. Shu vaqt davomida 500 nafardan ortiq bemor tekshirilgan, 102 nafari shoshilinch tarzda shifoxonaga yotqizilgan.

Tizimning afzalligi shundaki, tez tibbiy yordam brigadasi bemor yoniga borib, EKG oladi. EKG natijasi Call-markazdagi maslahatchi kardiologga onlayn yetkaziladi. U bemorning holatini masofadan baholab, uni qayerga olib borish kerakligi bo‘yicha tavsiya beradi.

Hozir Farg‘ona viloyatida 19 ta tez tibbiy yordam stansiyasida 73 ta EKG qurilmasi mavjud. Shundan 20 tasi telemetrik apparatlar. Kelgusida viloyatdagi barcha 308 ta tez tibbiy yordam brigadasini shunday qurilmalar bilan ta’minlash rejalashtirilgan.

Yangi yondashuvning muhim jihati — bemorni shunchaki eng yaqin shifoxonaga olib borish emas. Masalan, infarkt gumoni bo‘lgan bemor uchun angiografiya uskunasi mavjud va bemorni qabul qilish imkoniyati bor muassasa tanlanadi. Shifoxona oldindan ogohlantiriladi va bemor yetib kelguniga qadar qabulga tayyorgarlik ko‘riladi.
Shu maqsadda 2026 yil 1 oktyabrdan boshlab viloyat hududlari bo‘yicha infarkt bemorlarini yo‘naltirish marshrutlari ishlab chiqilgan.

Insultda ham xuddi shunday yondashuv qo‘llanadi. Bemorning holati tez baholanib, kompyuter tomografiyasi, trombolizis, neyroxirurgik yordam kabi imkoniyatlarga ega muassasaga yo‘naltiriladi.

Infarkt va insultda vaqt juda muhim. Shuning uchun tez tibbiy yordam brigadasining bemor yoniga yetib borishidan boshlab, tekshiruv o‘tkazish, shifoxonani tanlash va bemorni qabul qilishgacha bo‘lgan jarayonlarni aniq tartibga solish ko‘zda tutilmoqda.

Mazkur yondashuvning maqsadi bitta — bemorga kerakli yordamni iloji boricha erta boshlash va uning hayotini saqlab qolish imkoniyatini oshirish.
Muhokamada ana shu tizimni amaliyotga joriy etish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va tibbiy muassasalar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

——————-