Qo‘qon shahridagi O‘rda maydonida o‘tkazilgan sog‘lomlashtirish tadbirida yuzlab fuqarolar sayyor tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniga ega bo‘ldi. Tadbir davomida Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona filialining ko‘chma mobil oftalmologik klinikasi aholiga bepul ko‘z ko‘rigini tashkil etdi.
Ko‘chma klinikada tajribali oftalmologlar bilan bir qatorda hamshiralar ham bemorlarni qabul qilish, dastlabki tekshiruvlarga tayyorlash, tibbiy hujjatlarni yuritish va ko‘rik jarayonini samarali tashkil etishda faol ishtirok etdi. Ular har bir fuqaroning o‘z vaqtida va sifatli tibbiy xizmat olishiga hissa qo‘shdi.
Shunday fidoyi tibbiyot xodimlaridan biri — Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona filiali hamshirasi Nargiza Rasulovadir.
— Ko‘chma mobil klinika orqali aholiga ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatni yaqinlashtirish imkoni yaratilmoqda. Biz bemorlarni qabul qilish, ularni ko‘rikka tayyorlash va shifokorlarga amaliy yordam ko‘rsatish bilan birga, ko‘z salomatligini asrash bo‘yicha profilaktik tavsiyalar ham beramiz. Ko‘plab insonlarda kasalliklarni erta aniqlash imkoniyati paydo bo‘layotgani esa bizning mehnatimizga yanada katta mas’uliyat bag‘ishlaydi, — deydi u.


Bu kabi sayyor tibbiy tadbirlar aholiga qulay sharoitda malakali oftalmologik xizmat ko‘rsatish, ko‘z kasalliklarini erta aniqlash va fuqarolarning o‘z vaqtida tibbiy yordam olishiga xizmat qilmoqda.