Bizning ko‘p millatli diyorimizda diniy bag‘rikenglik o‘z ifodasini topgan. Farg‘ona viloyatida mahalliy aholi bilan birgalikda rus, tojik, qirg‘iz, turk va boshqa millat vakillari tinchlik-totuvlikda yashamoqda. Ajdodlarning bag‘rikenglik an’analarini munosib davom ettirgan holda bugungi kunda ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va ma’rifiy taraqqiyoti yo‘lida mehnat qilmoqda.
Farg‘ona viloyati shifoxonalaridagi tibbiyot xodimlari ham shular jumlasidandir. Ularning maqsadi bir…

«FARG‘ONADA QOLIShGA QAROR QILDIM»
Zoya Baranovskaya,
Farg‘ona viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi perfuziologi:
- Men Belorus Respublikasi Minsk shahridanman. 2,5 yilcha avval Minsk shahridagi Respublika bolalar xirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazidan xizmat safari tufayli ilk bor O‘zbekistonda bo‘ldim. Biz Belorus respublikasi bo‘ylab, yuragida nuqsoni bor bolalarda kardiojarrohlik amaliyotlarini bajarganmiz. Bizni Toshkentga ishlagani taklif qilishdi. Shu bahonada men shunday mehmondo‘st, mehribon mamlakat borligini bilib oldim.
- Keyinchalik qolib ishlashni aytishdi, men biroz qaror chiqarishga o‘ylandim. Dastlab Navoiy shahrida ishlashimni aytishdi. Shunday qilib 2023 yili bu shaharga keldim. 1 oycha ishladim. Keyin yana Toshkentga ko‘chib o‘tdim. Poytaxtda qolib ishlashni taklifini oldim. Bu yerda hamkasblar kasbimni hurmat qilgan holda menga juda mehribon va samimiy munosabatda bo‘ldilar. Ammo, kutilmaganda mening bu shifoxonadagi bo‘lim mudirim, kardioxirurg Ozodbek maslahat uchun Farg‘onaga jo‘natishini so‘radilar. 2023 yil mart oxirida Farg‘onaga mutaxassisligim bo‘yicha tavsiyalar, maslahatlar berish uchun yordamga keldim. Bu yerda hamkasblarim bilan tanishdim, shifoxonadagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdim. Bo‘limdagilarning o‘z ishiga bo‘lgan munosabatini kuzatdim. Va shu yerda qolib ishlashga qaror qildim.
Ixtiyor Abduraimov, bo‘lim shifokori:
- Zoya bilan 2 yildan buyon hamkorlikda, bitta bo‘limda, bir jamoa bo‘lib, faoliyat yuritamiz. Jamoadoshlari o‘rtasida o‘ziga yarasha e’tiborli. Bemorlarga bo‘lgan munosabati yaxshi. Bu yerda biz hammamiz shifokor. Qirg‘iziston va Tojikiston Respublikalaridan bemorlar kelib davolanadi. Yaqinda 2 nafar Qirg‘iz va Tojik millatli bemorlarda jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Bizda hech qanday irq ajratish, millat ajratish yo‘q,
Xurshida Hasanova, hamshira:
- Boshqa millat bo‘lishiga qaramasdan millatimizni, urf odatlarimizni hurmat qiladi. O‘zbek tilini o‘rgandi. Milliy taomlarimizga ko‘nikdi. Biz undan ko‘p narsa o‘rganyapmiz, u bizdan o‘rganyapti. Jamoadoshlar bilan munosabati juda yaxshi. Ertalabda shifoxonaga kelib, hamma bilan salomlashadi, hamma bilan quchoq ochib ko‘rishadi. Yaxshi qiz.
Zoya Baranovskaya:
- Odatda mening ish kunim ertalab soat 8 da boshlanadi. Hamkasblarim bemorlarni ko‘zdan kechiradi, jarrohlik amaliyotiga tayyorlaydi. Bu vaqtda men ham o‘z jihozlarimni tartibga solaman. Bemorni operatsiya xonasiga olib kirganda uskunamni ishga tushiraman. Har bir bemor uchun alohida tayyorlanadi. Operatsiya jarayonlari boshlanadi. Bemor yurak vazifasini bajaruvchi apparatga ulanadi. Jarrohlar esa o‘z ishlarini bajaradilar. Keyinchalik steril tarmoq utilizatsiya qilinadi. Mening ishim shunday tartibda davom etadi.
- Faoliyatimiz davomida din masalalari bizning ishimizga ta’sir qilmaydi. Ba’zi davlatlarda faoliyat olib borayotgan hamkasblarim tajribasidan bilamanki, ayrim diniy oqim tarafdorlarining qarashlari orqali ular zaruriy molajalarni bajara olishmaydi. Baxtimga bu yerda shunga o‘xshash holatlar kuzatilmaydi. Ota-onalar barcha jarayonlardagi xavf va mas’uliyatni qaysi din vakili bo‘lishidan qat’iy nazar to‘g‘ri tushunishadi va qabul qilishadi. Bu esa faoliyatimni sidqidildan va to‘laqonli bajarimga katta yordam bermoqda.
Millatimiz, dinimiz boshqa, ammo maqsadimiz bir – odamlarni davolash, ularni sog‘lom qilish.
«FARG‘ONA FARZANDIMAN»
Ixtiyor Xomidjonov, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali shifokori:
- 1985 yili So‘x tumanida tug‘ilganman. O‘rta maktabni bitirgach, 2008 yili Andijon davlat tibbiyot institutini tamomladim. 2010 yili hozirgi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialiga shoshilinch qon-tomir mikroxirurgiya bo‘limiga vrach lavozimiga ishga kirganman. Millatim tojik. Farg‘ona farzandiman. Bizning bo‘limda 38 nafar xodimlar ishlab kelmoqda. Ularning ichida o‘zbek, tojik, qirg‘iz, tatar, rus kabi turli din va millatga mansub tibbiyot xodimlari bor. Barchamiz tinch, totuvda ishlab kelmoqdamiz.
- Tibbiyot sohasida millatlararo hech qanday to‘sqinlik bo‘lmasligi kerak. Negaki bizga har xil toifadagi bemorlar keladi va ularga birinchi navbatda yordam ko‘rsatiladi. Bir oila bo‘lib qolganmiz. Kunimizning aksariyat vaqti shu bo‘limda o‘tadi. Bir kunda 12-14 soatgacha shu yerda qolib ishlab, yashab, kulishib yuramiz. Bir-birimizdan sir saqlash yo‘q. Bo‘limimizga boshqa millatli vakillar ko‘p keladi. Ayniqsa, bugungi kunda viloyatimizda turli zavod va fabrikalar qurilyapti. Mana yaqinda xitoylik ishchilar jarohat olishib kelishgandi. Ularga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatib, xushmuomilalik bilan kuzatib yubordik.
Umida Oxunova, bo‘lim bekasi:
- Ixtiyor Baxtiyorovich bilan ko‘p yillardan beri ishlab kelamiz. Jamoamizda eng obro‘li vrachlarimizdan biri. Bemorlar, hamkasblar bilan xushmuomila. Bo‘limimizda tojik, qirg‘iz millatli xodimlar bor. Hammamiz bir oila bo‘lib ishlaymiz.
Farxod Madaminov, bo‘lim shifokori:
- Mening millatim tojik, Qirg‘iziston Respublikasida tug‘ilganman. Murakkab operatsiyalarda doim yordam berishadi. Bo‘lim mudiri Ixtiyor aka bilan tumanlarga asosan birga chiqamiz. Bizda millatchilik yo‘q.
Millatimiz, dinimiz boshqa, ammo maqsadimiz – bir. Odamlarni davolash, ularni sog‘lom qilish.
«BIZ JUDA INOQMIZ»
Klara Kim, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali pediatriya bo‘limi mudiri:
—Toshkentdan Marg‘ilonga ishlagani kelganman. Keyinchalik bu yerda turmushga chiqdim. Hozirda uchta farzandlarim bor. Ular o‘zbek tilini juda yaxshi biladi. 2013 yildan mazkur shifoxonada mehnat qilyapman. Bizning bo‘limda 30 nafar xodim bor. Ularning ichida men koreysman, qirg‘iz, tojik shifokorlar bor. Ular bilan juda inoqmiz.
Isomiddin No‘monov, bo‘lim shifokori:
- Men o‘zim qirg‘iz millatiga mansubman. Bo‘lim mudirimiz koreys millatli shifokor. Yana tojik millatli vrachlarimiz bor. Turli millatli hamshiralarimiz bor. Bu yerda hammamiz birgalikda bir jamoa bo‘lib ishlaymiz. Klara Kim bizga ustozlik ham qiladi. Ular bilan ishlash jarayoni juda qiziqarli bo‘ladi. Masalan, bo‘limga qirg‘iz millatli bemor kelsa, qirg‘izcha gapirib, tojik millatli bemor kelsa tojikcha gapirib, rus millatli bemorlar kelsa ularga ruscha muomila qilib, davolab kelmoqdamiz.
Ra’no Axmedova, bo‘lim shifokori:
- Klara Andreevna o‘zbek urf odatlarini yaxshi biladilar. U o‘z ishiga talabchan. Klara Andrevnadan koreyscha milliy taomlar, salatlar tayyorlashni o‘rganganmiz.
Hayitboy Yo‘lchiyev, bo‘lim shifokori:
- Peditriya bo‘limimizda turli millatli shifokorlar ishlaydi. O‘zim tojik millatli vrachman. Klara Kim biz bilan birga 20 yildan beri ishlab kelmoqda. Bizga ustozlik qiladi. Bu insondan men ko‘p bilmaganlarimni o‘rgandim. Shifoxonamizda turli tadbirlar bo‘ladi. Unga o‘zlari bosh-qosh bo‘lib, doim bizga yordam berib keladi.
Millatimiz, dinimiz boshqa, ammo maqsadimiz bir – odamlarni davolash, ularni sog‘lom qilish.
“BITTA OILAMIZ”
Jamshid Maqsudov, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali mutaxassisi:
- Markazimizda turli din va millatga mansub xodimlar mehnat qiladi. Ular bilan biz uzoq yillardan buyon ishlab kelamiz. Ularning orasida Aliya Nuriyevna barchamizga ustozlik qiladi. Yoshlarga o‘rnak. Uning ortidan hech qachon yomon so‘z eshitmadik, faqat yaxshi e’tiroflar bo‘lgan.
Aliya Memdjanova, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali laboratoriya bo‘limi mudiri:
- 1976 yildan beri ishlayapman. Ish faoliyatimni Oltiariq tumanida boshlaganman. Keyin mana shu tibbiyot muassasasiga o‘tib, turli bo‘limlarda ishlaganman. Bizning bo‘limimizda ham har xil millatlilar ishlayapti. Men O‘zbekistonda tug‘ilganman. Millatim tatar. O‘zbekchani maktabdayoq o‘rganganman. O‘zbekcha she’rlar yodlaganman. Hozirgacha esimda. Aytib berishim mumkin.
- Turmush o‘rtog‘im o‘zbek. Ikki o‘g‘lim va nabaralarim bor. Bitta oilamiz! Bo‘limda bir-birlariga yordam beradi. Kerak bo‘lsa xodimlarimizning xonadonlariga boramiz, yordam beramiz. Har bitta xodimning tug‘ilgan kuni sanasi yozilgan. Hech bo‘lmasa bitta ruchka sovg‘a qilib ham tug‘ilgan kunni nishonlaymiz, tabriklab qo‘yamiz.
Xosiyatxon Nazarova, bo‘lim shifokori:
- Aliya Nuriyevna bilan bo‘limda doim hamfikr bo‘lib ishlaymiz. Juda talabchan. U inson uchun ish birinchi o‘rinda. Ruscha aytganda u “trudagolik”. Ish vaqtiga qaramaydi. Ishga saxarlab keladi, kech qaytadi. Bizda koreyslar ham, ruslar ham, tojiklar ham ishlaydi. Bizda millat ajratilmaydi. Bizda hamma laboratoriya xodimi.
Shaxnoza Odilova, bo‘lim laboranti.
- Hammamizni bir hil ko‘radi. Ish o‘rgatadi. Hech qachon yo‘q demaydi. Jamoada to‘y, tug‘ilgan kun bo‘lsa hamma tadbirlarda birgalashib boradi.
Millatimiz, dinimiz boshqa, ammo maqsadimiz bir – odamlarni davolash, ularni sog‘lom qilish.
“BEMORLARGA BIR HIL MUNOSABATDAMIZ”
Maftuna AXMEDOVA, Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona filiali hamshirasi:
- Quvasoy shahrida yashayman. Shu shifoxonada ishlayotganimga 10 yildan oshdi. Men mehnat qilayotgan poliklinikaga turli millatli bemorlar keladi. Biz millatidan qat’iy nazar bir hil muomilada bo‘lamiz. Kasallarning ko‘rish o‘tkirligini, ko‘z ichki bosimini, ko‘rish maydonlarini tekshiramiz. Ularga uzoq va yaqiniga ko‘z oynak tanlab beramiz. Kitob o‘qigani ko‘z oynak qo‘yamiz. Bizning shifoxonamizga rus, qirg‘iz kabi turli millatli bemorlar keladi. Qabulimizga qanday millatli bemor kelsa o‘z ona tilida so‘zlab, davo choralarini ko‘ramiz.
- Hamkasblarim ichida eng yaqini Roziyaxon ismli hamshira bor. Uning millati tojik. U bilan bir xonada ishlaymiz.
Roziya Ashuraliyeva, hamshira:
- Maftunaxon bilan bir bo‘limda yonma-yon ishlaganimdan faxrlanaman.
Abror Xolmirzayev, bo‘lim shifokori:
- Bizning eng ishongan hamshiralarimizdan biri. Buyurgan ishlarni, topshirgan vazifalarni o‘z vaqtida bajaradi. Eng murakkab yoki og‘ir holatdagi bemorlarga ham birinchi yordam ko‘rsatishda juda yaxshi qatnashadi. Bemorlarga o‘z yaqinlarimiz kabi munosabatda bo‘lamiz. Xorijlik bemor bo‘ladimi, O‘zbekiston fuqarosi bo‘ladimi ularni bir hil qabul qilamiz.
Qunduzxon Yusupova, shifoxona bosh hamshirasi:
- Jamoadoshlarimizning bu qizga bo‘lgan munosabati judayam yuqori. Chunki kelgan bemorni sidqidildan aniq qilib tekshirib, tashxis qo‘yib beradi. Poliklinikada 40 nafardan ortiq xodimlar bo‘lsa ular orasida rus, tojik, qirg‘iz, grek millatli xodimlar bor. Birgalikda to‘ylar, tug‘ilgan kunlarni nishonlaymiz. Bir-birimizga sirdoshmiz.
Millatimiz, dinimiz boshqa, ammo maqsadimiz bir – odamlarni davolash, ularni sog‘lom qilish.
I.Abdujabborov.