Foto: GBUZ RT «Resnarkodispanser»
Chekishning o‘pka saratoni, yurak-qon tomir kasalliklari va nafas yo‘llariga zarari haqida ko‘p gapiriladi. Ammo u miya salomatligi bilan ham bog‘liq bo‘lib, demensiya rivojlanishi xavfining ortishiga sabab bo‘luvchi omillardan biri hisoblanadi.
Avstraliyaning Kertin universiteti olimlari 61 ta tadqiqot va qariyb 2,8 million kishining ma’lumotlarini tahlil qildi. Natijalarga ko‘ra, hozirda chekuvchilarda demensiya rivojlanish xavfi hech qachon chekmaganlarga nisbatan 31 foiz yuqori. Alsgeymer kasalligi bo‘yicha bu ko‘rsatkich 40 foizni, qon tomir demensiyasida esa 52 foizni tashkil etgan.
Tahlilda chekish miqdori bilan xavf o‘rtasidagi bog‘liqlik ham aniqlangan. Masalan, kuniga 10 dona sigareta chekuvchilarda demensiya xavfi 16 foiz, 20 dona chekuvchilarda esa 34 foiz yuqori bo‘lgan. Bu ko‘rsatkichlar hech qachon chekmagan kishilar bilan taqqoslangan.
Yana bir e’tiborli jihati, chekishni tashlagan odamlarda demensiya xavfi hozir ham chekuvchilarnikidan past bo‘lgan va hech qachon chekmaganlarnikidan sezilarli yuqori emasligi kuzatilgan. Biroq olimlar bu natijalar chekish demensiyaga bevosita sabab bo‘lishini to‘liq isbotlamasligini, qo‘shimcha tadqiqotlar zarurligini qayd etmoqda.