Farzand dunyoga kelishi – har bir oila uchun eng unutilmas, eng quvonchli kunlardan biri. Bunday baxt bir emas, uch karra nasib etsa, bu quvonchning ta’rifiga so‘z ojiz.
Ana shunday unutilmas kun Furqat tumanida yashovchi Komilovlar oilasiga ham nasib qildi.
Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona filialida oilaning uch nafar qizalog‘i dunyoga keldi. Ota-ona farzandlariga Samiya, Sa’diya va Sumayya deb ism qo‘yishdi.
Uchlik chaqaloqlarning sog‘-omon dunyoga kelishi ortda katta mas’uliyat va fidokorona mehnat turganini unutmaslik kerak. Akusher-ginekologlar, anesteziolog-reanimatologlar, neonatologlar hamda o‘rta tibbiyot xodimlarining hamjihatligi tufayli ona va chaqaloqlarga zarur tibbiy yordam o‘z vaqtida ko‘rsatildi.
—Hozirda ona va uchala qizaloqning ahvoli yaxshi. Ular mutaxassislar kuzatuvi ostida, — deydi shifokor Dilfuzaxon Nazarova.
Samiya, Sa’diya va Sumayyaning umri uzoq, baxti butun, qadami qutlug‘ bo‘lsin! Komilovlar oilasiga esa bu uch karra baxt hamisha baraka va saodat olib kelsin.